Maktab o‘quvchisi ikki kishining umriga zomin bo‘ldi
Bir necha kun ilgari ijtimoiy tarmoqlarda «Maktab o‘quvchisi otasining mashinasini olib qochib, dahshatli avariga uchradi» sarlavhasi ostidagi videoxabar minglab foydalanuvchilarning e’tiborini jalb etib, muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Voqeaga ko‘ra, Buxoro viloyati, Romitan tumani, Gazli shahrida voyaga yetmagan bola otasining mashinasini olib qochib, qarama-qarshi tarafdan kelayotgan mashinaga katta tezlik bilan uriladi. Oqibatda qarama-qarshi tarafdan kelgan mashina haydovchisi va bir nafar voyaga yetmagan qiz voqea joyida halok bo‘ladi. Xuddi shu mashina ichida bo‘lgan 1 nafar qiz esa og‘ir ahvolda Gazli shahar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi.
Buxoro viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga bildirishicha, muhokamalarga sabab bo‘layotgan voqea bir necha kun ilgari emas, joriy yilning 12 iyun kuni sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan aybdorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan va sudga oshirilgan.
Buxoro viloyat sudi bosh konsultanti Feruz Sharopov tomonidan «Xabar.uz»ga taqdim etilgan sud hukmi hujjatlariga ko‘ra, ushbu ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudida yopiq sud tarzida ko‘rib chiqilgan.
Voyaga yetmagan A.S. 2008 yilda Romitan tumani Gazli shahrida tug‘ilgan. Gazli shahridagi 37-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi A.S. transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzishi natijasida ikki nafar fuqaroning o‘limiga sababchi bo‘lgan yo‘l transport hodisasi jinoyatini sodir qilgan. U 2024 yil 12 iyun kuni soat 0830 larda hech qanday boshqarish huquqisiz otasi F.I.ga tegishli bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomashinani Gazli shahrining ichki yo‘llari bo‘ylab harakatlantirgan.
Bir nechta yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, yo‘l belgilariga amal qilmagan. 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yaqinidan do‘sti U.A. bilan telefonlashib, uni ham o‘zi boshqarib kelayotgan avtomashinaning old yo‘lovchi o‘rindig‘iga mindirgan. Ichki ko‘chalari bo‘ylab, mashina rulini dam o‘ngga, dam chapga burib, uni ilon shaklida o‘yinqaroqlik bilan boshqarayotgan holatini U.A.dan tasvirga olishini, so‘ng uni «instagram» hamda «yutub»ga qo‘yishini aytgan. U.A. do‘sti A.S.ning mashina boshqarayotgani holatini tasvirga olish chog‘ida uni ehtiyotkorlikka va rulni to‘g‘ri boshqarishga chaqirgan. Va ishga ketish vaqti yaqinlashayotgani, shu bois, uyining yonida tushib qolishini aytgan U.A. do‘sti avtomashinasi spidometrining tezligi 60 km/soatdan oshganini ko‘rgan. A.S.ni ehtiyotkorlikka chaqirgan U.A.ning ogohlantirishi uzoqqa cho‘zilmagan va chorrahaga kirib borishgan vaqtda o‘ng tomon yo‘nalishdan harakatlanib kelgan «Neksiya-3» rusumli avtomashina bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Oqibatda «Neksiya-3» rusumli avtomashinani boshqarib kelayotgan 33 yoshli haydovchi Sh.I. hamda uning 7 yoshli voyaga yetmagan qizi Sh.Q. voqea joyida vafot etgan. Avtomashina ichida bo‘lgan 6 yoshli jiyani S.N.ning qo‘li singan va «Tez yordam» mashinasida kasalxonaga olib ketilgan.
O‘rganuvlarga ko‘ra, voyaga yetmagan A.S. otasi F.I.ga tegishli bo‘lgan avtomashinani uyida hech kim yo‘qligidan foydalanib, o‘zi mustaqil ravishda boshqarib chiqqan. U bundan ilgari ham bunday o‘zboshimchaligi uchun mahalladoshlarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Sudda ko‘rsatma bergan marhumning turmush o‘rtog‘i, vafot etgan qizning onasi S.S. voyaga yetmagan A.S.ning otasini tanishini, o‘g‘lini esa tanimasligini, bu bola ilgari ham mashinani juda tez boshqarib yurishi, u har kuni katta tezlikda ko‘chasi boshidan o‘tib, hammaning g‘ashiga tegib yurganini bildirgan.
«O‘sha paytda bolaning otasi o‘g‘liga qattiq tanbeh va ogohlantirish berib, tartibga chaqirishi kerak edi. Afsuski, voyaga yetmagan bolaning «quloqsizligi», ota-onaning farzandi erkaliklariga befarqligi bir oilaning ustunini sindirdi», — deydi mahalla fuqarolaridan biri.
Ma’lum bo‘lishicha, marhumning 3 nafar farzandi bo‘lib, 2 nafari o‘g‘il va bir nafari avtohalokatda vafot etgan qiz bo‘lgan.
Sudga aybdor oilasi tomonidan jabrlanuvchilar oilasiga tegishli bo‘lgan avtomashinaga yetkazilgan moddiy zararning 20 million so‘mi qoplangan. Qolgan moddiy zarar to‘lanmagan. S.S. sudda to‘lanmagan moddiy zararni undirib, sudlanuvchi A.S.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab ko‘rsatma bergan.
«Sud hukmi bilan aybdorning voyaga yetmagan yoshda ekani inobatga olinib, unga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanildi, xolos. Men esa hali 35 yoshga ham kirmagan turmush o‘rtog‘imu suyukli qizimdan ayrildim...», — degan jabrlanuvchi S.S.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi hukmiga ko‘ra, aybdor A.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi «a» bandi bilan JKning 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, JKning 841-moddasi (Ozodlikni cheklash)tartibida, ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Ma’lumot o‘rnida: aybdorning fuqaroviy da’vogari – ota-onasi tomonidan «Neksiya-3» avtomobiliga yetkazilgan moddiy zarar uchun 36.709.381 so‘m, ta’ziya harajatlari uchun 20.000.000 so‘m, jabrlanuvchining qonuniy vakillariga 40.000.000 so‘m hamda dori-darmon va boshqa xarajatlar uchun 1.323.700 so‘m undirish haqida hujjatlar chiqarilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter