Milliy gvardiya xodimi maktabda tan jarohati oldi
Joriy yilning 1 mart kuni soat taxminan 13:00 larda Toshkent viloyati Zangiota tumani «Bog‘ishamol» MFYdagi 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimi yuqori sinf o‘quvchilarining maktab orqa hovlisida o‘zaro janjallashayotganini ko‘rib qolib, holatni bartaraf etishga kirishadi.
Milliy gvardiya xabariga ko‘ra, shu vaqtda profilaktika inspektori ham yetib kelib, Milliy gvardiya xodimi bilan birgalikda o‘quvchilarni tinchlantirishga kirishishida, ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisi M.B.ning chaqiruvi bilan tashqaridan yetib kelgan akasi hamda uning ikkita sheriklari xodimlarning ogohlantirishiga qaramasdan janjalga aralashib ketishadi.
Taraflarning xatti-harakatlarini va qarshiliklarini to‘xtatish chorasini ko‘rgan Milliy gvardiya xodimiga shu joyda tan jarohati yetkaziladi.
Maktabdagi tashvish tugmasi orqali chaqirilgan hamda tezkorlik bilan yetib kelgan Qo‘riqlash xizmati tezkor harakatlanuvchi guruhi tomonidan holat to‘liq bartaraf etilgan holda Milliy gvardiya xodimining xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik qilganlar qo‘lga olinib, tuman ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan.
Dastlabki surishtiruv ishlari davomida tashqaridan maktab hududiga kirib, janjalga aralashgan va xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan fuqaro ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisi M.B.ning akasi Toshkent viloyati Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli I.Boqiyev ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat bo‘yicha Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro I.Boqiyev JPKning 221-moddasi asosida ushlanib, unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinmoqda.
Shuningdek, ushbu holat yuzasidan jinoyatga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash borasida ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi Milliy gvardiya xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter