Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Profilaktika inspektori 9-qavatdan sakrab o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan qizning hayotini saqlab qoldi

Profilaktika inspektori 9-qavatdan sakrab o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan qizning hayotini saqlab qoldi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkentning Yakkasaroy tumanida ko‘p qavatli uy tomidan o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan o‘smir qiz qutqarib qolindi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, voyaga yetmagan shaxs ko‘p qavatli uylardan birining tom qismiga chiqib, pastga o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan. Bu holatga guvoh bo‘lgan fuqarolardan biri mahalla hududidagi «Tashvish tugmasi»ni bosib, Ichki ishlar organlari Qutqaruv xizmati navbatchilik qismini xabardor qilgan. Mahalla profilaktika inspektoriga ham xabar borib yetgan.

Zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan mahalla profilaktika inspektori tomga chiqqan. Shu vaqtda pastda jamoat tartibini saqlash bilan shug‘ullanayotgan ichki ishlar xodimlari ham vaziyatni nazorat qilgan.

«Voqea joyiga yetib borganimizda, yoshi taxminan 15 larda bo‘lgan voyaga yetmagan qiz o‘z joniga qasd qilish maqsadida binoning 9-qavatiga chiqqan edi», — deydi «Damariq» MFY profilaktika inspektori Sanjar Bekmurodov.

U 9-qavatdagi boshqa xonadonlardan birining balkoni orqali, o‘z joniga qasd qilish niyatidagi qizga yaqinlashgan. Qiz nihoyatda agressiv va stress holatida bo‘lgani sababli, profilaktik suhbatlar olib borilgan. Uning yonigacha borib olish jarayoni 25−30 daqiqa davom etgan.

«Voyaga yetmagan singlimizni 10−15 daqiqa davomida bor kuchim bilan ushlab turgan vaqtimda, u menga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Ammo o‘zimni qo‘lga olgan holatda uni ushlab turishga muvaffaq bo‘ldim», — dedi profilaktika inspektori.

Qiz FVV xodimlari ko‘magida arqon orqali tomdagi xavfsiz joyga chiqarib olingan. Shundan so‘ng, fuqaro va voyaga yetmagan qiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, mutaxassislar tomonidan psixologik suhbatlar olib borilgan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring