Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuratura qarshisidagi jinoyat...

Prokuratura qarshisidagi jinoyat...

Chilonzor tuman prokuraturasi o‘z binosi oldidagi «daraxtkushlik» uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi hududda quruvchi tashkilot tomonidan 58 tup har xil turdagi daraxtlar qonunga xilof ravishda kesib yuborilganligi oqibatida tabiatga 797,7 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazilgani xabar qilingandi. 

O‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan quruvchi tashkilot mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda. 

E’tiborlisi, bu noqonuniy ish tuman prokuraturasi ro‘parasida sodir etilgan. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

«Daraxtlar kesilishi oqibatida tabiatga 797 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan. Eng yomoni, bu zararni davlat korxonasi bo‘lgan Obodonlashtirish hisobidan qoplanyapti. Ya’ni ular kelib kesilgan daraxtlar o‘rniga yangi daraxtlar ekmoqda. Bu nima mantiqsizlik», deydi u.

E’tiborlisi, Chilonzor ko‘chasidagi avvalgi «daraxtkushlik» ham shahar prokuraturasi binosi qarshisida sodir bo‘lgandi. 

O‘sha hodisadan keyin Chilonzor hokimi va prokurori lavozimidan olinib, Ortiqxo‘jayev va Qosimovga qattiq hayfsan berilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring