Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorako‘lda maktab direktori o‘rinbosari kaltaklandi (foto + video)

Qorako‘lda maktab  direktori o‘rinbosari kaltaklandi (foto + video)

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘z xodimini do‘pposlagani haqidagi xabar tarqala boshladi. Aytilishicha, xodim – Oybek Fozilov direktor O‘lmas Fayzullayev va uning shu maktabda faoliyat yuritayotgan akasi Ali Fayzullayev tomonidan kaltaklangan.

Hozir ta’til payti bo‘lgani uchun voqeaga hech kim guvoh bo‘lmagan. Maktab direktorining akasi esa ushbu ta’lim muassasasida jismoniy tarbiya fanidan dars beradi. Voqea sodir bo‘lgan kuni jabrlanuvchi tan jarohatlari Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Va hozirda og‘ir jarohatlar va yurak-qon tomirlari bo‘limida davolanmoqda.

«Xabar.uz» muxbiri holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv davomida jabrlanuvchi bilan suhbatda bo‘ldi. 

Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasi travmotolog vrachi Ramazon Avezovning bildirishicha, bemor Oybek Fayzullayev birlashma qabul bo‘limiga «Tez yordam» mashinasida olib kelingan. To‘liq tekshiruvlardan o‘tkazilgach, jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan.  Ayni paytda u   bosh miya jarohalari, bosh miya chayqalishi, bosh miya chekka sohasining yirtilgan jarohati, badanning ko‘plab qismlarida qontalashlari va shilinmalari tashxisi bilan davolanmoqda.

«2018 yildan buyon shu maktabda xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritaman. Direktor ishlayotganiga uch yildan oshdi. Joriy yilning 1 avgust  kuni Qorako‘l tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, openbudjet tomonidan 330 million so‘mlik jihozlar berilayotgani va ularni maktablarga tarqatilayotgani haqida topshiriq keldi. Direktor bilan birga manzilga bordik va maktab uchun ajratilgan jihozlarni olib keldik, joylashtirdik. Shunda men maktab direktoriga ushbu jihozlarni bitta-bitta dalolatnoma qilib, keyin topshirishimni bildirdim», – dedi jabrlanuvchi Oybek Fozilov.

Oybek Fozilov. 

Bundan maktab direktori O‘lmas Fayzullayev jahli chiqadi va «Cyen kimsanki, jihozlarni dalolatnoma qilib topshiradigan», deya xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarining qo‘lidan omborxona kalitlarini zo‘rlik bilan oladi. Shunda Oybek Fozilov bunday vaziyatda ularning har biri uchun javobgar ekanini aytib, jihozlarni boshqa xonaga ko‘chirishini bildiradi.

«San kozyolsan, hech kimsan!» – deya shundoq maktab foyesida ham ish vazifamga, ham shaxsiyatimga tegdi. Shunda men ham uning muomalasiga yarasha javob qaytardim. Vaholanki, shuncha mablag‘ evaziga davlat tomonidan ajratilgan har bir inventar uchun javobgarlik mening zimmamda edi. Shu topda uning akasi Ali Fayzullayev keldi-da, kutilmaganda yuzimga musht tushirdi. Hali o‘zimni o‘nglab olmay turib, maktab direktori ham akasiga qo‘shilib, meni do‘pposlay ketishdi. Men foyedan zal orqali bir amallab maktab hovlisiga chiqib qochdim. Ukamga endi qo‘ng‘iroq qilayotgan edim, akasi menga: «ichkariga kir!» – deya baqirayotganda ukasi, ya’ni maktab direktori kelib, boshimning orqa qismidan yog‘och tayoq bilan bir necha marotaba urdi. Men yiqildim. Ali badanimning turli qismlariga ayovsiz tepyapti, akasi esa tayoq bilan bosh qismimdan yana urishda davom etyapti. Hammayog‘im qon bo‘lib ketgach, aka-uka ikkalasi meni shu holatda maktab hovlisida qoldirib, mashinasiga chiqib ketishdi. Voqea joyida bir-ikki ayol xizmatchilar, maktab ustasi ham bor edi. Afsuski, ular maktab direktorining yaqin qarindoshi ekani bois, guvohlikdan bosh tortishmoqda. Yana bir tomoni ular ayol kishi bo‘lishsa, ovoragarchilikni istashmasa kerak. Mayli, har kimning vijdoniga havola», –so‘zladi suhbatdosh.

O‘lmas Fayzullayev, maktab direktori.

«Siz ham qarshilik ko‘rsatdingizmi? »

«Voqea juda tez sodir bo‘lgani uchun o‘zimni o‘nglolmay qoldim. Va bunday vaziyatda bir kishining ikki kishiga qarshilik ko‘rsata olish-olmasligi haqida o‘ylab ko‘ravering».

Suhbatdoshga ko‘ra, bundan ilgari ham maktabda shunday holatlar sodir bo‘lgan. Direktor va akasi birgalashib, o‘qituvchilarni do‘pposlashgan, nafsoniyatiga tegishgan va «yopti-yopti» qilib yuborishgan.

«Maktab direktorning xuddi shaxsiy hududiga aylanib qolgan...» – dedi Oybek Fozilov.

Biz voqea sodir bo‘lgan tumandagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldik. Holatga aniqlik kiritish uchun maktab direktori qabuliga kirish va u bilan suhbatlashish biz uchun muammoga aylandi. Shunga qaramasdan, maktab direktoridan tayinli javob olishga harakat qilgan «Xabar.uz» muxbirining savoliga u: «Men maktab ta’tilidagi odamman. O‘sha kun maktabga umuman kelmagan edim va voqea haqida keyin eshitdim», – deya javob qaytargan. Biroq navbatdagi savolga javob berarkan,  avvalgi gapiga boshqaroq so‘zlar aytdi:: «Maktabga kelganman, inventarlar hammasi xonaga qo‘yilgan va kerakli hujjatlarga pechatni qo‘ygach, chiqib ketdim. Urush-janjaldan xat-xabarim yo‘q».

Eng qizig‘i, keyinroq u «o‘zi xabari bo‘lmagan janjal»da  ukasi – Ali Fayzullayevning ham jarohat olgani, ayni paytda kasalxonalardan biriga yotqizilganini bildirgan. Afsuski, qaysi kasalxonada qanday tashxis bilan yotqizilgani haqida  indamaydi.

Boshqa bir suhbatdosh esa maktab direktorining ukasi hech qanday jarohat olmagani va uning kasalxonada emasligini ma’lum qiladi.

«Men, hatto, ular do‘pposlashayotganda, o‘zimni o‘nglab ololmagan bo‘lsam, mushtga musht, kaltakka kaltak qaytarishga imkonim ham, kuchim ham qolmagan bir vaziyatda bo‘lsam, Ali qanday jarohat olgan bo‘lishi va kasalxonada yotgan bo‘lishi mumkin. «Men voqea joyida yo‘q edim, ko‘rmaganman va bilmayman» deyish uchun ham odamda katta bir yurak, katta bir vijdon bo‘lishiyam kerak-da», – deydi jabrlanuvchi.

Savol: «Bundan ilgari ham direktor bilan kelishmovchilikka borganmisiz?»

Javob: «Ha, janjallashib turganmiz. Bundan ilgari maktabimiz direktori ustidan bir necha bor yozishgan. Xo‘jalik ishlari yuzasidan ham masalalar bor edi, masalan, maktabga qarashli 86 sotix yer maydoni bo‘yicha ijara shartnomalari bo‘yicha pul aylanishi, tom qismidan tushgan shefirlarning sotilishi xususida. Va u xatti-harakatlarini shaxsiy adovatga aylantirib yubordi».

Savol: «Rahbar va xo‘jalik mudiri o‘rtasida qo‘shtirnoq ichida «kelishuvlar» borligi xususida eshitib qolamiz. Balki, o‘rtangizda shunday «bog‘liqlik»lar bo‘lgandir?»

Javob: «Bunday holatlar bo‘lmagan. Ammo, maktabimiz hovlisida 86 sotix yer maydoni bo‘lib, 1 sotix yer maydonini 70-80 ming so‘m evaziga ijaraga beramiz. U pullar asosan, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining maxsus hisob raqami orqali aylanishi kerak. Lekin direktor bunga yo‘l qo‘ymaydi. Pulni qonun doirasida hisob raqamiga o‘tkazilishiga doimiy qarshilik ko‘rsatib kelgan. Bu pullarni  «Men direktorman va bu pullarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlataman, aralashma!» – deb ish faoliyatimga to‘sqinlik qilib kelgan. Yer maydoni ijara shartnomasiga ko‘ra tushgan naqd pul ham hisob raqam orqali qabul qilishini belgilangan. Biroq, maktab direktori o‘z bilganicha pulni aylantirib kelgan»

Savol: «Joriy yilning hozirgi davriga qadar necha sotix yer maydoni vaqtincha ijaraga berilgan. Va mablag‘ to‘liq hisob raqamiga ko‘chirilganmi?»

Javob: «Adashmasam, 84 sotix, chamasi, vaqtincha ijaraga berildi va mablag‘lar hisob raqamiga to‘liq ko‘chirilmagan. Naqd pullar tushumi ham bo‘lgan va direktor lavozimga o‘tirgandan buyon qariyb uch yil davomida, deyarli, pul tushumlari to‘liq o‘tkazilmagan. Bu masala ham juda ko‘p bor tortishganmiz. «Men direktorman va o‘zim javob beraman!» –  deb kelgan.

Savol: «Yana qanday gaplaringiz bor?»

Javob: «Endi qonunga ishonamiz va holat adolatli ko‘rib chiqiladi, deb umid qilaman. Kameralar tiklansa, guvohlar vijdoni kirib, guvohlik berishar», – dedi suhbatdosh.

Surishtiruv davomida mazkur maktab o‘qituvchilari bilan bo‘lgan suhbatda ular bunday holatlar birinchi marta sodir etilmaganini, bundan ilgari ham kuzatilganini, ta’lim muassasasida birlik yo‘qolgani va guruhbozlik shakllanganini iddao qilishdi.  Bu orada «Xabar.uz» muxbiri tuman hamda viloyat ta’lim sohasi mutasaddilari ishtirokida mazkur maktab o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok edi. Afsuski, yig‘ilish davomida o‘qituvchilarning mavzuga oid suhbati ham janjal va o‘zaro tortishuv bilan yakunlandi..

Holatni kuzatar ekanmiz, har bir ta’lim muassasasida, aslida, birlik, hamjihatlik va bir-biriga o‘zaro hurmat, degan tushunchalar ustuvor bo‘lishi kerak emasmikin, degan o‘yga tolamiz. O‘qituvchilar suhbati va undagi achinarli ko‘rinishlarni qalamga olishni istamadik.

«Xabar.uz» muxbiri ilgari ham bunday holatga tushgan o‘qituvchilardan birining xonadonida bo‘lgan va u bilan suhbatlashgan.

O‘qituvchi Feruz Cho‘liyev o‘z suhbatida haqiqatan ham o‘tgan o‘quv yili mavsumida maktab direktori O‘lmas Fayzullayev va uning akasi Ali Fayzullayev tomonidan urib, mushtlab tashlangani haqida so‘zlagan. Ushbu yuzasidan jabrlanuvchi turli idora, tashkilotlarga murojaat qilishiga qaramay, masala «yopti-yopti» qilib yuborilgan.

«Bu voqeaga ikki yilcha bo‘lib qoldi. O‘shanda men direktor bilan uning akasining sinfxonasida gaplashib turgandim. Bir masalada tortishib qoldik. Direktorning baland ohanglari va so‘zlashuviga qarab, muomala qilib turgandim, akasi keldi-da, he yo‘q, be yo‘q, mushtladi. Sinfxonadan chiqib qochaman, deb turganimda, direktor eshikni mahkamladi. Va aka-uka meni do‘pposlay ketishdi. Hodisa joyida ayol o‘qituvchi aralashib, ajratdi. Holat yuzasidan huquq-tartibot organlariga murojaat qildim. Aybdorlarni jarimaga tortishdi, xolos», – dedi matematika fani o‘qituvchisi Feruz Cho‘liyev.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, ular doimiy bir «ssenariy» tomoshasini ko‘rsatishadi.

Bir nechta suhbatdoshlarning so‘ziga ko‘ra, maktab direktorining xulq-atvori, xatti-harakatlaridan mahalla uchastka noziri ham xabardor. Biroq, holatlarga ko‘z yumib kelarkan. Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning bildirishicha, mahalla profilaktika inspektoriga nisbatan bildirilgan e’tirozlar yuzasidan viloyat IIB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

Maqolani tayyorlanayotganda  voqelik yuzasidan yangi ma’lumotga ega bo‘ldik. Qorako‘l tuman IIB tergovchisi Feruz Norovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan ekspertiza ma’lumotiga tayanilib, hoat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Laylo Hayitova

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring