Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda prokuror o‘rinbosari qo‘lga olindi

Samarqandda prokuror o‘rinbosari qo‘lga olindi

Foto: Xavfsizlik

Samarqandda prokurorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Bosh prokuraturaning ShXB va viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlari olib borildi.

Uning natijasida Urgut tumani prokurori o‘rinbosarining qilmishlari fosh etildi. 

Xususan, mazkur mansabdor shaxs Pastdarg‘om tumani prokuraturasida faoliyat yuritgan davrida xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy MChJ tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilishi natijasida 2 mlrd. 887 mln. so‘m miqdorida davlatga yetkazilgan zararni 805,9 mln. so‘mga kamaytirib berish evaziga vositachilar orqali 6,5 ming AQSh dollari va 35 mln so‘m pora olgan. 

Bu bilan cheklanmay prokuratura tomonidan MChJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida zarar miqdorini 150-200 mln so‘mgacha kamaytirishni va ularga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengil jazo tayinlanishida yordam berishini aytib, MChJ egasidan 15 ming AQSh dollari talab qilgan. 

Prokurorning noqonuniy harakatlari bo‘yicha ashyoviy dalillar protsessual tartibda hujjatlashtirildi. 

Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring