Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zarafshon yonidan o‘tgan temir yo‘l o‘pirilib ketgan: mas’ullar izoh berdi

Zarafshon yonidan o‘tgan temir yo‘l o‘pirilib ketgan: mas’ullar izoh berdi

Foto: Daryo

Ijtimoiy tarmoqlarda Zarafshon daryosi bo‘yidagi temir yo‘l uchastkasining shikastlangani aks etgan videolar tarqaldi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» mazkur holat bo‘yicha rasmiy munosabat bilan chiqdi. 

Joriy yilning 3-iyul kuni Samarqand viloyati Tayloq tumani hududidan o‘tuvchi Samarqand – Urgut temir yo‘l uchastkasining ma’lum qismiga shikast yetdi.

Aytilishicha, so‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida Zarafshon daryosida suv oqimi keskin kuchaydi. Buning oqibatida daryo qirg‘oqlarni yuvib ketib, ayrim hududlarda o‘zan yo‘nalishi o‘zgardi.

Hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining me’yoriy 80–100 m³/s o‘rniga keskin oshib, 300 m³/s gacha yetgani sabab bo‘ldi. Natijada daryo o‘zani temir yo‘lga yaqin hududlarda 30–40 metrgacha kengayib, o‘zanga yaqin joylashgan temir yo‘lning ma’lum qismiga zarar yetdi. Mazkur gidrologik holat so‘nggi 20 yil davomida kuzatilmagan.

Ayni paytda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Ishlarga 15 ta maxsus texnika jalb etilgan. 30 ta dumpkar vagon orqali xarsang toshlar yetkazib berildi. Shuningdek, zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirildi.

Hozirda temir yo‘l qatnovini imkon qadar qisqa muddatda to‘liq tiklash hamda poyezdlar harakatining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring