Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda 5 yoshli bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxsga qanday jazo beriladi?

Namanganda 5 yoshli bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxsga qanday jazo beriladi?

Namangan viloyatida voyaga yetmagan bolaga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli tasdiqlanmagan xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rasmiy ma’lumotlarni e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, bolaga qarshi sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 2026-yil 12-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi hamda 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish bilan bog‘liq jinoyat uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur toifadagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tash bilan bog‘liq qator yengilliklar qo‘llanilmaydi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kuni, ya’ni 12-sentyabrda jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan K.M. protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ayni paytda jinoyat ishi doirasida dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu sababli voqeaning barcha tafsilotlari va unga huquqiy baho berish masalasi tergov natijalari asosida aniqlanadi.

Holat yuzasidan voyaga yetmagan jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Hududning «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari tomonidan bolaga zarur psixologik, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatilishi darhol yo‘lga qo‘yilgan. Ayni vaqtda bola va uning oilasiga ko‘mak berish jarayoni davom etmoqda.

Shuningdek, Bolalar ombudsmani tomonidan mazkur ish yurituvi doirasida jabrlanuvchi bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi yuzasidan kuzatuv olib borilmoqda.

Mazkur holat voyaga yetmagan shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy daxlsizligi bilan bevosita bog‘liq. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan har qanday tasdiqlanmagan ma’lumot, voqea tafsilotlarini asossiz ravishda oshkor qilish yoki bolani identifikatsiya qilishga imkon beruvchi ma’lumotlarni tarqatish uning huquq va manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin.

Shu munosabat bilan OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan mazkur holatni yoritishda, avvalo, jabrlanuvchi bolaning manfaatlarini ustuvor qo‘yish, uning shaxsiy ma’lumotlari va daxlsizligini himoya qilish hamda faqat vakolatli tashkilotlar tomonidan rasman taqdim etilgan ma’lumotlarga tayanish so‘ralmoqda. Tergov jarayoni yakunlangach, ish bo‘yicha qonuniy tartibda tegishli huquqiy qaror qabul qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring