Surxondaryoda davlat ishchilari paxtaga majburlangani aniqlandi
![Surxondaryoda davlat ishchilari paxtaga majburlangani aniqlandi](http://static.xabar.uz/crop/4/1/720_460_95_4138596230.jpg)
Mahalliy internet nashrlarida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida fuqarolarning paxta terimiga majburiy tarzda jalb etilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgandi. Voqea ishtirokchilarining aksariyati o‘z xohishiga ko‘ra paxta dalasida ekanini ta’kidlasa-da, Davlat mehnat inspeksiyasining o‘rganishlari majburiy mehnatga jalb etilganlik holatlari kuzatilganini ko‘rsatgan.
Denov telekommunikatsiya bog‘lanmasi ishchisi bilan suhbat jarayonida u majburiy mehnatga jalb etilmagani, o‘z xohishiga ko‘ra terimga chiqqanini aytgan. Mazkur tashkilot rahbarlari ham uning so‘zlarini tasdiqlagan.
Biroq xodimlarning qayd daftarida bu fuqaro va uning ikki hamkasbi 25-sentyabr kuni paxta terimiga yuborilgani bayon qilingan. Mazkur hujjat asosida Denov telekommunikatsiya bog‘lanmasi boshlig‘i B.Mengliyevga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan miqdorda jarima belgilangan.
Denov tumani chorvachilikni rivojlantirish va veterinariya bo‘limi boshlig‘i A.Xalilov ham qo‘lostidagi ishchilarini paxta terimiga jalb qilgan. Shu sababdan unga ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan miqdorda jarima belgilangan.
Davlat mehnat inspeksiyasining o‘rganishlari Denov tumani Madaniyat bo‘limi xodimlarining paxta terimiga jalb qilinmaganini ko‘rsatgan. Ma’lum bo‘lishicha, ular 30-sentyabr kuni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan terimchilar uchun konsert dasturini uyushtirgan.
Shu kuni Denov tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ham paxta terimiga jalb qilinmagan. 30-sentyabr kuni ular o‘ziga biriktirilgan hududda o‘z faoliyati bilan shug‘ullangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter