Toshkent viloyatida 21 yoshli haydovchini yo‘lovchilar o‘ldirib ketishdi
Toshkent tumaniga olib borgan haydovchi yigitni 22 va 16 yoshli gumonlanuvchilar bo‘ynidan kesib, telefonini olib qochishgan. Mazkur mudhish hodisa joriy yilning 26 iyun kuni Toshkent tumanida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, 2001 va 2007 yilda tug‘ilgan yigitlar oldindan jinoiy til biriktirib, o‘zganing mulkini o‘zlashtirish maqsadida mobil ilova orqali 2002 yilda tug‘ilgan yigit boshqaruvidagi taksini chaqirtirib, Toshkent tumaniga olib borishini so‘rashgan. Belgilangan manzilga borishgach, gumonlanuvchilardan biri yonida bo‘lgan pichoq bilan haydovchiga tan jarohati yetkazgan. So‘ngra haydovchining telefonini olib, voqea joyidan qochib ketishgan.
Haydovchi yaqin atrofdagi xonadon egasidan yordam so‘ragan. Voqeaga guvoh bo‘lgan fuqaro holatni quyidagicha izohlaydi:
«O‘g‘limni ko‘tarib ko‘chaga chiqsam, Nexia-3 mashinasi to‘xtadi. Xotinim «pichoqlab ketdi» deb, baqirib qoldi. Qarasam, u odam bo‘ynini ushlab olgancha, yordam so‘radi. Men 102, 103 ga telefon qildim. Tirik edi, lekin bo‘ynidan kesib tashlangan edi. Juda ko‘p qon oqdi. Tez yordam olib ketganida joni uzildi».
Mahalla raisining ta’kidlashicha, gumonlanuvchilar Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan bo‘lishgan.
Voqea yo‘l bo‘yidagi sexning kuzatuv kamerasi yozuvlariga tushib qolgan va gumonlanuvchilar tezda topilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan JKning 97-moddasi 2-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter