Xorijdan noqonuniy tilla buyumlar olib kirayotgan shaxs qo‘lga tushdi
Buxoroga xorijdan yashirin ravishda noqonuniy yo‘l bilan tilla buyumlar olib kirayotgan shaxs aniqlandi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat Bojona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Durdona Qayumova ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, viloyat Bojxona boshqarmasi «Buxoro aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qimmatbaho rangli metallarning O‘zbekiston hududiga noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yish maqsadida belgilangan tartibda nazorat o‘rnatilgan.
«Sheremetevo-Buxoro» aviareysi orqali kirib kelgan yo‘lovchilarning yuklari tegishli tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Ayni shu jarayonda bir nafar xorijlik fuqaroning xatti-harakati bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan. Va uning yuklari yuk kuzatuv skaneri orqali tekshirib ko‘rilgan. Natijada fuqaro S.T.ning yuklari orasida bojxona dekloratsiyasida qayd etilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ham ma’lum qilinmagan, umumiy qiymati 48,5 million so‘mni tashkil etuvchi sof vazni 97,02 grammga teng bo‘lgan tilla buyumlar yashirin ravishda olib kirilgani aniqlangan.
«Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tegishli tartibda ish olib borilmoqda. Respublikamiz hududiga jismoniy shaxslar tomonidan umumiy og‘irligi 65 grammdan og‘ir bo‘lmagan qimmatbaho metall hamda zargarlik buyumlarini bojxona bojlarini to‘lamagan holda olib kirishga ruxsat etiladi. Undan ortiq vazndagi tilla buyumlarni qonuniy hujjatlarsiz olib kirilishi qat’iy man qilingan»,— deydi Durdona Qayumova.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter