Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Adliya vazirligi davlat boshqaruv organlari orasida birinchi bo‘lib ISO 37001:2016 sertifikatini oldi: bunga qanday erishdi?

Adliya vazirligi davlat boshqaruv organlari orasida birinchi bo‘lib ISO 37001:2016 sertifikatini oldi: bunga qanday erishdi?

Korrupsiya nima uchun yomon?

U davlat organlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, raqobat muhitini so‘ndiradi, taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘ladi, adolat mezonlarini buzib, inson huquqlariga daxl qiladi, kambag‘allikni ko‘paytirishga sabab bo‘ladi, fuqarolarning davlat institutlari ishonchiga putur yetkazadi va hokazo.

O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish uchun jiddiy sabablari va katta ehtiyoji bor. Shundan kelib chiqqan holda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha bir qancha qonun hujjatlari, Davlat dasturi qabul qilingan, turli tizimlar, tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ulardan eng so‘nggisi va korrupsiyaga qarshi kurash yo‘lida jiddiy qadam deya baholanayotgani — Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining tashkil etilishi bo‘ldi.

Biroq korrupsiya muammosini bartaraf etishda qonunlarning o‘zi yetarli emas. Har bir tashkilot o‘zining korrupsiyaga qarshi kurashga qo‘shadigan hissasi bor va shu hissani bajarish uchun mas’uldir. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurash tizimini samarali boshqarish masalasini kun tartibiga qo‘yadi.

Ushbu mas’uliyatni tashkilotlarning rahbariyati darajasida zimmaga olinishi va ularni amalga oshirish uchun samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga iroda ko‘rsatish — korrupsiyaga qarshi kurash menejmentining asosi sanaladi.

Yaxshi boshqariladigan tashkilotda korrupsiyaga qarshi yaxshi kurash tizimi ham yaratilgan bo‘ladi odatda. Ushbu tizim korrupsiyaga qarshi samarali kurashibgina qolmay, bu yo‘lda resurslarni maqsadli sarflash, xarajatlarni va kamaytirish, ayni damda yuqori samaraga erishishga olib keladi.

Xalqaro maydonda korrupsiyaga qarshi kurash menejmentini tasdiqlovchi maxsus sertifikat mavjud, bu — ISO 37001:2016(E) sertifikati.

Ushbu sertifikatga yirik korxonalar (korporatsiyalar), o‘rta va kichik biznes, jamoatchilik uyushmalari va notijorat tashkilotlari egalik qilishi mumkin.

Kuni kecha Adliya vazirligiga «CERT INTERNATIONAL» xalqaro tashkiloti (Slovakiya) tomonidan O‘zbekistonning davlat organlari ichida birinchi bo‘lib ushbu sertifikatga topshirildi. Ya’ni vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurash tizimi menejmenti ushbu xalqaro standart talablariga javob beradi deb topildi.

Bunga qanday erishildi?

  1. Siyosat. Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati ishlab chiqildi. Siyosatda vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan asosiy yo‘nalishlari va korrupsiyaviy faoliyatga aralashib qolishga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatiga bo‘lgan yondashuv ifodalangan. Ushbu siyosat talablaridan kelib chiqib adliya vazirining tizimda korrupsiyaga qarshi kurashni tashkil etishga doir 5 ta buyrug‘i chiqarildi.
  2. Kompleans nazorat. BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida «KPMG» kompaniyasi bilan hamkorlikda vazirlik faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashishning «komplayens-nazorat» tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borildi.

Ma’lumot uchun: 1) «antikorrupsiyaviy komplayens — bu korrupsiyaga oid xatarlarni kamaytiruvchi profilaktik chora-tadbirlar va harakatlar majmui; 2) «KPMG» kompaniyasi auditorlik va konslating xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha dunyodagi kuchli to‘rtlikka (Big4) kiradi.

Tizim doirasida, avvalo, vazirlik va uning muassasalariga yuklatilgan funksiyalarni amalga oshirishdagi korrupsiyaviy xatarlar (492 ta) baholab olindi, ular xavflilik darajasiga ko‘ra tasniflandi. Ularning ta’sirini kamaytirish bo‘yicha huquqiy va tashkiliy choralar ko‘rildi.

Jumladan, vazirlikning sohaga oid 10 dan ortiq ichki hujjatlari («Korrupsiyaga qarshi kurash siyosati», korrupsiyaga oid xabarlar bilan ishlash reglamentlari, xatarlarni baholashning metodik asoslari) tubdan yangilandi, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi tuzildi.

  1. Kadrlar. 2019-yil vazirlikda shartli ravishda kadrlar va korrupsiyaga qarshi kurash yili deb e’lon qilindi. Kadrlar bilan ishlash bo‘yicha dastur va Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha maxsus dastur tasdiqlandi hamda amaliyotga joriy etildi. Adliya tizimidagi har bir xodimga muhim signalni yetkazildi: xodim kim bo‘lishidan, lavozimidan, o‘tmishdagi xizmatlaridan qat’i nazar, halol bo‘lmasa, u xodimdan voz kechiladi.

Bundan tashqari:

  • xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davriy va tizimli o‘qitish joriy etildi, xodimlarda korrupsiyaga qarshi kurash ko‘nikmalarini shakllantirish uchun yangi e-study.adliya.uz platformasi ishga tushirildi;

yuqori va o‘rta darajadagi rahbarlar tarkibining korrupsiyaga qarshi kurash sohasida faoliyatini baholash bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, har yili baholab boriladi;

— xodimlarning korrupsiyaviy huquqbuzarliklar, jumladan korrrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilishi minimumga tushirildi.

Aniq raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak 2016-yilda adliya organlarining 50 ta xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, shundan 8 tasi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘lgan, 2019-yilda bu ko‘rsatgich 6/4 ni tashkil qilgan, 2020-yilning I-yarim yilligida umuman jinoyat sodir etilmagan;

— xodimlar faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishning amaliy tizimi tatbiq etilmoqda. Tizimdagi barcha 6,1 ming nafar xodimning manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiyalari bazasi shakllantiriladi;

— xodimlar tomonidan fuqarolardan, boshqa tashkilotlar xodimlaridan, shu jumladan mahalliy va xorijiy xizmat safarlari davomida shaxsan sovg‘a olishi taqiqlandi. Xodimlar o‘zaro bir-birlariga faqatgina shaxsiy bayram va ayrim umumxalq bayramlari munosabati bilan bazaviy hisoblash miqdorining
5 barobaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi qiymatga ega sovg‘alarni
3 nafar xodim guvohligida olishlari mumkin, xorijiy safarlarda olingan sovg‘alar vazirlik ixtiyoriga topshiriladi.

  1. Ochiqlik. Ushbu dasturlarning bajarilishini real ta’minlash uchun ochiqlik va shaffoflik lozim edi. 2018- yilda Adliya vazirligi davlat organlari o‘rtasidagi tanlovda eng ochiq davlat organi deb topilishi ortidan, 2019-yilning fevral oyida bu boradagi eng ilg‘or tajribalar asosida «Ochiq adliya» — «Open Justice» dasturi ishlab chiqildi va dasturdagi vazifalar bekam va bexato tarzda amalga oshirib kelinmoqda.
  2. Jamoatchilik nazorati. Fuqarolarga adliya organlarida foto, video va audio qayd etishga ruxsat berildi. Adliya organlari va muassasalaridagi korrupsiyaga oid huquqbuzarlik holatlari haqidagi xabarlarni darhol va o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlashga qo‘shimcha imkoniyat yaratish maqsadida telegram ijtimoiy tarmog‘ida «@antikorbot» nomli maxsus bot yaratildi. Notariuslik lavozimiga tanlov jarayonini internetda onlayn translyasiya qilish boshlandi. Bu bilan ikkita muhim natijaga erishildi. Birinchidan, tanlov jarayonining maksimal shaffoligi ta’minlagan bo‘lsa, ikkinchidan, notarius lavozimiga nopok shaxslarning o‘tib qolishini oldi olindi.

Ma’lumot uchun: shu kungacha jamoatchilikning onlayn kuzatuvida o‘tkazilgan ishga qabul qilish va lavozimlarga tayinlash uchun tanlovlarda jami 3,9 ming nafar nomzod ishtirok etib, 1,3 ming kishi turli lavozimlarga tayinlandi, xodimlar samaradorligini baholash jarayoni avtomatlashtirildi va kadrlarni boshqarishning elektron tizimi ishlab chiqildi. Natijada 2020-yilning 6 oyida xodimlarni ishga qabul qilish, lavozimini o‘zgartirish bilan bog‘liq holatlariga oid shikoyatlar soni 2019-yilning mos davriga nisbatan 41 tadan 11 taga tushib, 4 barobarga kamaydi.

  1. Davlat xaridlari sohasida kontragentlarni tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, tuzilayotgan shartnomalarga korrupsiyaga oid shartlar majburiy kiritilishi belgilandi.

Bu bizga nima beradi?

Mashina harakatlanishi uchun uning ehtiyot qismlari but bo‘lishi kerak. Haydovchilar yaxshi bilishadi: biron ehtiyot qism almashtirilsa, avtoulovning ishlashiga ijobiy ta’siri seziladi. Korrupsiyaga qarshi kurash tizimining samaradorligi bevosita ushbu tizimning qay darajada to‘g‘ri tashkil etilgani va samarali boshqarilayotganiga bog‘liq. Demak, ushbu sertifikatni korrupsiyaga qarshi kurash mashinasining muhim ehtiyot qismlaridan biri sifatida qarash mumkin.

Bevosita amaliy natijalarga kelsak, avvalo sertifikat talablarini bajarish asnosida tizimda korrupsiyaga qarshi jiddiy islohotlar amalga oshiriladi va natijalar «yonga qoladi».

Masalan, adliya tizimida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini sifatida xodimlarning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib qilingan shikoyatlar soni keskin qisqarganligini ko‘rsatish mumkin. 2019-yilning birinchi yarim yilligida shunday shikoyatlar 1119 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 672 taga tushdi.

Qolaversa, ushbu sertifikat mamlakatimizning xalqaro maydondagi imiji va reytinglariga ham, bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita ta’sir o‘tkazadi. Sababi, sertifikat talablari aynan amaliy, natijador chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu esa mamlakatda korrupsiyaga qarshi olib borilayogan siyosatning irodali, ortga qaytmas va maqsadli ekanidan jahon hamjamiyatiga muhim signal yetkazadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring