Bolalarni noodatiy tarbiyalayotgan «defektolog»ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Bir muddat oldin ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini defektolog-psixolog deb tanishtiradigan D.J.ning duduqlangan bolalarni so‘kinish va qo‘rqitish usulida davolashga uringani aks etgan videolavha tarqalgan edi.
Bolalar ombudsmani mazkur holatga o‘z munosabatini bildirib, idora bu borada 2024 yilning yakuni va 2025 yil yanvar oyida o‘rganish olib borgani va bu haqda jamoatchilikka ma’lumot berilganini bildirdi.
Xususan, Bolalar ombudsmanining D.J.ning ish uslubiga ilmiy va kasbiy baho berish uchun kiritgan so‘rovi asosida malakali defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh o‘tkazgan o‘rganish natijasida, pedagog D.J ning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekanligi, D.J ning duduqlanishni bartaraf etishda qo‘llayotgan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik usullari bolalarning sog‘lig‘i va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zidligi to‘g‘risida xulosa berilgan. Buning asosida Bolalar ombudsmani tomonidan prokuratura organlariga holatga huquqiy baho berish to‘g‘risida so‘rov kiritilgan va D.J ga nisbatan jinoyat ishi yurituvi olib borilgan.
Biroq, ma’lum vaqt o‘tganidan so‘ng D.J. avvalgidek duduqlanishi bo‘lgan bolalar bilan o‘zining ilmiy asoslanmagan, defektologiyaga daxli yo‘q amaliyotini davom ettirgani kuzatilgan.
D.J.ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan 2025 yilning 2 iyun kuni Bolalar ombudsmani Bosh prokuraturaga tegishli so‘rov yubordi.
Natijada, 2025 yil 25 iyun kuni Toshkent shahar, Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror (17.04.2025 yilda chiqarilgan) bekor qilinib, ish hujjatlari tergov harakatlarini olib borish uchun Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga yuborilgan.
2025 yil 4 iyulda tergov bo‘limi tomonidan D.J.ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter