Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuraturaning rasmiy munosabati e’lon qilindi

Bosh prokuraturaning rasmiy munosabati e’lon qilindi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

O‘zbekistonda so‘z erkinligi, har kimning o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish erkinliklari konstitutsiyaviy huquq sifatida e’tirof etilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining rasmiy munosabati e’lon qilindi.

«So‘nggi yillarda amalga oshirilgan ochiqlik siyosati, xalq bilan muloqotning sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanligi, jamoatchilik nazoratining kuchayishi, fuqarolarning ushbu huquqlardan keng foydalanib, o‘z fikrlari, mulohazalari, xulosalari va tanqidlarini erkin holda bildirishayotganligi ham inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqatdir. Ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar 31 milliondan oshgan internet foydalanuvchilarining juda ommabop fikr almashish maydoniga aylandi, ushbu imkoniyatlar nafaqat ijtimoiy, balki tadbirkorlik g‘oyalarini ham rivojlanishiga turtki bo‘ldi.

Bu qadriyatlar va huquqlar har bir jamiyatning rivoji uchun katta ahamiyat kasb etishi barchaga ayondir.

Erkinlik va huquqlar bor joyda albatta ikkinchi tomondan mas’uliyat va javobgarlik, boshqa uchinchi shaxslarning ham huquqlari, manfaati borligini unutmaslik hammaning burchidir.

Shunday ekan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonun ustuvorligi va qonunlar ustidan nazorat qiluvchi idora sifatida, nafaqat so‘z erkinligining ta’minlanishi, balki bu boradagi qonunlarga rioya qilinishi, o‘zgalarning huquqlarini poymol qilinishining oldi olinishi va qonunda belgilangan choralar ko‘rilishi masalalariga bir xil muhim vazifa sifatida qaraydi.

Afsuski, axborot tarqatish va ulashish, umuman axborot maydonida bo‘layotgan jarayonlar va munosabatlar tahlili bu borada erkinliklarni suiiste’mol qilish holatlari, tuhmat va haqorat qilish, so‘z erkinligini o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida qurolga aylantirish, yolg‘on yoki chalg‘ituvchi axborot tarqatish orqali o‘zining auditoriyasini kengaytirishga urinishlar avj olganligini ko‘rsatadi.

Keyingi vaqtlarda, OAV va Internet tarmog‘i orqali tuhmat va haqorat qilish, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotlar tarqatish holatlari ko‘payib bormoqda.

Bosh prokuratura qonunlar bilan taqdim etilgan erkinlik va huquqlarni suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, barqaror axborot makonida o‘zaro hurmat qilgan holda muloqot qilish, ayniqsa qonunlarda belgilangan tartib va talablarga so‘zsiz rioya qilish muhimligini yana bir bor ta’kidlash va eslatishni lozim deb hisoblaydi.

Xususan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 121-moddasida veb-sayt egasi, blogerlar fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi va boshqa axborotni tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasida jurnalistning majburiyatlari qatorida o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shartligi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston qonunchiligidagi ushbu normalar axborot tarqatish sohasidagi xalqaro e’tirof etilgan hujjatlar mazmuniga to‘la mos keladi.

Masalan, Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi qabul qilgan Xalqaro jurnalist etikasi xartiyasining 10-bandiga ko‘ra, faktlarni noto‘g‘ri talqin qilish (aslidan boshqacha qilib ko‘rsatish), bo‘hton, tuhmat va asossiz ayblash jurnalist kasbiy etikasining qo‘pol buzilishi hisoblanadi.

Mazkur xartiyaning 13-bandiga ko‘ra, jurnalist matbuot erkinligidan o‘zining shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanmasligi, axborotni tarqatish yoki tarqatmaslik evaziga noqonuniy ravishda shaxsiy manfaat olishdan tiyilishi lozim.

Hozirgi kunda “Telegram” kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorlik yuzasidan bir guruh fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonlarida ular advokat bilan ta’minlangan hamda qonunchilikda belgilangan boshqa huquq va erkinliklari to‘liq ta’minlanmoqda.

Ushbu jarayon haqida tegishli ma’lumotlar to‘liq berib borilayotganiga qaramay, ayrim shaxslar tomonidan jarayonni huquqiy makon doirasidan chiqarib, o‘z subyektiv talqini orqali ommani chalg‘ituvchi axborotlar tarqatishga urinishlar bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan, Bosh prokuratura yana bir bor quyidagilarga e’tiborni qaratadi.

Birinchidan, ushbu holatlarning “so‘z erkinligiga tahdid” deb talqin qilinishi haqiqatga mutlaqo zid.

Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar davom ettirilishiga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas.

Prokuratura organlari fuqarolarning ushbu huquqlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishda davom etadi.

Ikkinchidan, yuqorida ta’kidlanganidek, “so‘z erkinligi” kabi muhim qadriyatning o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida qurolga aylantirishga hech kimning haqqi yo‘q va bunga yo‘l qo‘yilmaydi.

So‘z erkinligi boshqa shaxslarga nisbatan noqonuniy harakatlar amalga oshirish huquqini bermaydi.

Mazkur jarayonda, ayrim shaxslar so‘z erkinligini niqob qilib olgan holda tovlamachilik bilan shug‘ullanishi jamiyatda fuqarolik jamiyati institutlariga ishonchning so‘nishiga, jurnalistika va blogerlar hamjamiyatining obro‘sizlanishiga olib kelishi mumkin.

Uchinchidan, har qanday sohada bo‘lgani kabi axborot sohasidagi qonunbuzilishlar uchun ham javobgarlik muqarrarligi ta’minlanishi muhimdir. Jurnalistlik yoki blogerlik faoliyatini yuritish qonunlarni chetlab o‘tishga hech qachon asos bo‘la olmaydi.

Yuqoridagi huquqbuzarliklar bo‘yicha vaziyatdan ko‘rinib turibdiki, axborot maydonida tuhmat, haqorat, yolg‘on axborotni tarqatish kabi jinoyatlarga qarshi kurash bugun paydo bo‘lib qolmagan, balki so‘z erkinligini ta’minlash bilan barobar ravishda muntazam kechayotgan jarayondir. Chunki axborot sohasidagi transformatsiya o‘z navbatida bu yo‘nalishda ham qonuniylikni ta’minlashni taqozo qiladi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, prokuratura organlari barcha jinoyat ishlarida bo‘lgani kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlar bo‘yicha ishda ham qonun ustuvorligini to‘liq ta’minlash, ishning to‘g‘ri va adolatli hal etilishi uchun barcha nazorat funksiyalarini amalga oshiradi. Har bir gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga ayblovdan himoyalanish uchun qonunda nazarda tutilgan barcha vosita va usullardan foydalanish imkoniyati beriladi.

“Telegram” kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlar bo‘yicha ish mohiyatini buzib ko‘rsatish, yolg‘on axborot tarqatishga bo‘lgan urinishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Odil sudlovni amalga oshirishda to‘sqinlik qilish, sud va tergov jarayoniga aralashishga bo‘lgan urinishlarga qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.

O‘z navbatida, Bosh prokuratura ommaviy axborot vositalari, shu jumladan blogerlar bilan hamkorlikka doimo tayyor ekanligini bildiradi», deyiladi Bosh prokuratura munosabatida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring