Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi IIB binosida fuqaro vafot etgani rostmi? Rasmiy bayonot berildi

Buxorodagi IIB binosida fuqaro vafot etgani rostmi? Rasmiy bayonot berildi

Buxoro IIB binosida 1985-yili Vobkent tumanida tug‘ilgan Q.H. vafot etgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgandi.

Holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rasmiy xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 28-noyabr kuni Buxoro shahar IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-son IIB Tergov guruhi yurituvida bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha guvoh tariqasida jalb etilgan fuqaro Q.H. soat taxminan 15.00 larda Buxoro shahar 4-son IIBga jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish uchun kelgan. Ammo tergovchi xizmat vazifasi bilan boshqa joyda bo‘lganligi sababli, IIB binosiga kirmasdan qaytib ketgan.

Q.H. IIB binosiga kirmasdan ketgan holat videotasvirda muhrlangan, deyiladi xabarda.

«Shundan so‘ng fuqaro Q.H. 80 Z 015 OA davlat raqamli «Matiz» taksi avtomashinasini to‘xtatib, uni Buxoro shahridagi «Fayziobod» jome masjidiga olib borishini so‘ragan. Yo‘lda Q.H.ning sog‘lig‘i yomonlashib, og‘zidan ko‘pik chiqib, hushini yo‘qotgan. Haydovchi uni hushsiz holatida tezkorlik bilan Buxoro shahar kasalxonasiga olib borgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, fuqaro Q.H. shu kuni soat taxminan 21:00 larda kasalxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Sud-tibbiyot ekspertizasining birlamchi xulosasiga ko‘ra, o‘lim «Tutqanoq sindromi, o‘pka va miyaga kislorod o‘tkir yetishmovchiligi» oqibatida yuz bergan. Tekshiruv jarayonida murdaning badanida hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan».

Xabarga ko‘ra, holat Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring