Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda ona va bolani o‘ldirish bilan qo‘rqitgan bosqinchi ushlandi

Buxoroda ona va bolani o‘ldirish bilan qo‘rqitgan bosqinchi ushlandi

Buxoro shahrida yashovchi ona va uning o‘g‘lini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, xonadonda bosqinchilik harakatini sodir etgan shaxs ushlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan viloyat ichki ishlar mas’ulining bildirishicha, ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Holatga ko‘ra, joriy yilning 25 iyul kuni taxminan soat 12:00 Buxoro shahridagi xonadonlardan biriga yuz-ko‘zini niqob bilan berkitgan shaxs bostirib kirgan. Bu paytda  xonadon sohibasi R.A. uyning yuvinish xonasida kiyimlarni yuvayotgan bo‘lgan.

Niqobli shaxs ayolga ochiqdan-ochiq hujum qilib, sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatgan. Uning bosh qismi va tanasining turli qismlariga qo‘llari bilan bir necha marotaba urib, oyoqlari bilan tepgan. Ayolni va uning voyaga yetmagan, 23.07.2015 yil tug‘ilgan farzandi O‘.I.ni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, pul va qimmatbaho buyumlarni berishini talab qilgan.

R.A.ga tegishli bo‘lgan uch dona umumiy bahosi 5.000.000 so‘mlik ayollar tilla uzuklarini, ikki juft umumiy bahosi 4.500.000 so‘m bo‘lgan  ayollar tilla ziraklarini, bir dona bahosi 3.000.000 so‘m bo‘lgan ayollar tilla bilak uzuklarni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Va bosqinchi o‘z jinoyatini sodir qilib, hodisa sodir bo‘lgan joydan noma’lum tomonga yashiringan.

«Ichki ishlar idoralariga ushbu xabar yetkazilishi hamono tezkor guruh voqea joyida bo‘ldi. Jabrlanuvchi va uning voyaga yetmagan farzandining badaniga qasddan yengil tan jarohati yetkazib, R.A.ga jami bo‘lib 12.500.000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi. Olib borilgan tezkor tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni  Buxoro tumani, Gulshanobod mahalla fuqarolar yig‘ini, Jonbobo qishlog‘ida yashovchi M.M. sodir qilgani aniqlandi. Uning jinoyati o‘z izidan fosh etildi», — dedi Buxoro viloyat IIB axborot  xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

Hozirgi paytda Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ayblanuvchi qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qo‘shimcha ma’lumot berilishicha, bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxs bundan ilgari ham sudlangan va qamoq jazosini o‘tab qaytgan bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring