Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda qurilish: «kiydirmoqchi» bo‘lishgandi — kim «kesildi», kim «kuydi»

Buxoroda qurilish: «kiydirmoqchi» bo‘lishgandi — kim «kesildi», kim «kuydi»

Foto: Xabar.uz

  • 300 dan ortiq fuqarolardan yirik miqdorda pul undirgan quruvchi va uning sheriklari fosh etildi.
  • 8-qavatni o‘zboshimcha qurgan quruvchi o‘z aybi bilan «kuyib» qoldi.
  • «Uy-joy qurib beraman, deb 652.960.000 so‘m mablag‘imni tuya qilib ketdi»
  • «Salkam 149 million so‘m pulimni olib, boshiga suv quydi»
  • «Quruvchi tashkilot rahbari va uning hamtovoqlari qonun oldida javob berishi kerak!»

Fuqarolar bilan uchrashuvda 300 nafardan ortiq jabrlanuvchilar «Buxoro eco story plyus servis» MChJ rahbari va uning jinoiy sheriklarini qonun oldida javob berishga chaqirib, mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi talabi bilan chiqishdi.

«Holat yuzasidan ish qo‘zg‘atildi va uy-joy bilan ta’minlash vaji bilan 300 nafardan ortiq fuqarolardan firibgarlik va aldov yo‘li bilan yirik miqdordagi pullarni o‘z ehtijlari yo‘lida sarflab kelgan «quruvchi» va sheriklarining kirdikorlari fosh etildi», – dedi Buxoro viloyat sudi matbuot xizmati rahbari Nurbek Rahimov.

Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, turar-joy binolarini qurib, foydalanishga  topshirish jarayonida fuqarolarni aldab, ishonchini suiste’mol qilgan holda, ularga tegishli xonadonlarni rasmiylashtirib bermasdan kelgan quruvchi tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan 13 ta jinoyat ishlar qo‘zg‘atilgan.

Ushbu jinoyat ishi Ichki ishlar organlari tergovidan bevosita viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi ish yurituviga olingan. Olib borilgan tergov harakatlari natijasida jinoyat sodir etilishi oqibatida fuqarolarga yetkazilgan  3 milliard 184 million so‘mlik zararning undirilishi hamda boshpanasiz qolgan 62 nafar fuqarolarga o‘zaro kelishuv asosida uy-joylarini olib berilishi ta’minlangan va buzilgan huquqlari tiklangan.

«Xususan, «Buxoro eco story plyus servis» MChJ mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘.P. va uning hamtovoqlari bo‘lgan F.Yu., N.T. ism-sharifli ayollar fuqarolarni aldab, o‘zlari qurgan ko‘p qavatli uydan kvartira berishni va’da qilishgan. 300 nafardan ortiq fuqarolarning yirik miqdordagi, ya’ni 3 milliard 184 million so‘m pullarini olishib, o‘z ehtiyojlari yo‘lida sarflab yuborishgan. Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ichki ishlar vazirligi tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilib, jinoyatni sodir qilgan tashkilot rahbari va uning ikki nafar jinoiy sherigi qamoqqa olingandi», – deydi Nurbek Rahimov.

Ma’lum bo‘lishicha, yirik miqdordagi o‘zlashtiruv bilan bog‘liq jinoyat ishi 6 oy davomida sudda ko‘rib chiqilgan.

Aybdor G‘.P. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a» bandi va 189-moddasi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ushbu moddalar bilan u 9 yil muddatga «kesilgan» va ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini olgan. Bundan tashqari, G‘.P. jinoyat kodeksining 59- (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61- (Jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari)moddalariga asosan ham uzil-kesil 9  yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tayinlangan.

F.Yu. ham o‘z hatti-harakatidan kelib chiqib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan. N.T. esa 4 yilga «kesilgan».

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi tomonidan aybdorlarga nisbatan hukm o‘qilgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar qoplanishi belgilandi.

«Jabrlanuvchilar va boshqa manfaatdor tomonlarga yetkazilgan barcha moddiy va ma’naviy zararlar, shuningdek, aksariyat jabrlanuvchilar tomonidan zararlarni inflyasiya darajasini hisobga olgan holda undirish masalasi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatiga tegishli asoslarni ilova qilgan holda jabrlanuvchilargayetkazilgan zararlar to‘liq qoplanilishi belgilandi. Hukm qonuniy kuchga kirgach, batafsil holat yuzasidan ma’lumotlarni yetkazamiz. Muhimi, Buxoro aholisini aldab, firibgarlik yo‘li bilan ulardan yirik miqdorda pul undirgan va o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi», – deydi sud matbuot kotibi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, keyingi paytlarda ko‘psonli aholini «chuv» tushirishga uringan bunday qurilish tashkilotlarining kirdikorlari fosh etilmoqda.

Yana bir holatda ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uyning xonadonlaridan birini qurib, uni o‘z vaqtida egalariga topshira olmagan quruvchiga nisbatan ham jinoyat ishi ochilgan.

Buxoro shahar IIO FMB tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv hujjatlariga ko‘ra, «Sk lider» MChJ rahbari  N.S. fuqaro N.M. o‘rtasida 2020 yil 12 sentyabr kuni tuzilgan shartnoma shartlariga ko‘ra,  u ko‘p qavatli uyni 2021 yilning 30 may kuniga qadar qurib, topshirishi kerak bo‘lgan.

«Afsuski, «Sk lider» rahbari N.S. ushbu shartni amalga oshirish majburiyatini olgan bo‘lishiga qaramasdan, u fuqaro N.M. ning jami 294.000.000 so‘m pullarini qo‘lga kiritib, hozirgi kunga qadar mazkur xonadonni qurib, topshirmagan», – deydi Shuhrat Jalolov.

Bundan tashqari, Buxoro shahrida qad rostlagan va hali o‘zboshimcha uy-joylar qurilishi tugallanmay turib, aholi noroziligiga sabab bo‘lgani bois, «snos»ga ketgani ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.

«Buxoro shahrida bir qator qurilish firmalari tasdiqlangan konsepsiya loyihasini buzib, o‘zboshimchalik bilan qavatlar sonini oshirganligi sababli Qurilish Bosh boshqarmasi va hududiy inspeksiya tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qonuniy chora ko‘rishi uchun xabardor qilingan. Viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilayotgan navbatdagi o‘rganishlar davomida ko‘p qavatli uy-joylarning noqonuniy qurilayotgan qurilmalarini bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda. Maqsadimiz – bino-inshootlarni shaharsozlik norma va qoidalariga muvofiq joylashtirish, loyiha-smeta hujjatlari va qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish», – deydi Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Mo‘min Amonov.

Xuddi shunday «o‘zboshimcha»lardan biri, «Elite House» MChJ rahbari Shohrux Aslonov ham bunday qurilishlarga bosh bo‘lganidan pushaymon ekanini bildirgan.

«Buxoro shahri, Hamza ko‘chasida rennovatsiya dasturi asosida loyihasi 7 qavatli qilib tasdiqlangan, 3 pod’yezdli, 76 xonadonli ko‘p qavatli uyni qurdik. Biroq loyihani buzib, o‘zboshimchalik bilan qavatlar sonini oshirganligimiz sababli yuqori turuvchi organlar tomonidan ogohlantirildik. Albatta, qilgan ishimizdan pushaymonmiz. 8-qavatdagi qurilishni bartaraf etamiz. Boshqa qurilish kompaniyalari rahbarlaridan biz kabi noqonuniy qurilmalarni qurmasliklarini so‘rayman», – deydi Shohrux Aslonov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring