Chirchiqda va Bekobodda «geroin» sotuvchilar qo‘lga olindi

Toshkent viloyati IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasining tezkor xodimlari tomonidan sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar davomida, jami 4 nafar shaxslar qo‘lga olinib, ulardan taxminiy summasi 25 million so‘mga teng bo‘lgan jami 332,2 gramm «geroin» va 0,31 gramm «gashish» noqonuniy giyohvandlik vositalari daliliy ashyo sifatida olingan. Ushlangan barcha shaxslarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda IIBB Axborot xizmati xabar berib o‘tdi.
2020 yilning mart oyida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Chirchiq shaharda yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan Bahromxon S. shartli xaridorlarga, og‘irligi 0,51 gramm bo‘lgan geroin giyohvandlik moddasini 100 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Shuningdek, Bahromxon S. xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning yonidan og‘irligi 0,08 gramm geroin va 0,31 gramm gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan va u ushbu vositalarni tanishi Ravshan Yu. dan olganligini ma’lum bo‘lgan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, Chirchiq shahrida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan Ravshan Yu. shartli mijozga 0,09 gramm geroin giyohvand vositasini 250 ming so‘m evaziga sotayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan. Shuningdek, ushlangan shaxs, tadbir davomida ushbu geroinlarni Zafar A. dan olganini ma’lum qilgan. Zafar A. esa ushbu giyohvandlik vositasini tanishi «Hasan» ismli shaxsdan olganligi aniqlangan.
Bekobod shahrida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan Hasan P. shartli mijozga og‘irligi 200 gramm bo‘lgan geroin giyohvandlik vositasini 15 million so‘m evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, uning boshqaruvida bo‘lgan Nexiaʼ avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, mashina salonidan 131,5 gramm bo‘lgan geroin giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.
Mazkur holat yuzasidan, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan ushlangan 4 nafar shaxslarga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter