Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Federal qidiruvda bo‘lgan buxorolikning uch yilga ozodligi cheklandi

Federal qidiruvda bo‘lgan buxorolikning uch yilga ozodligi cheklandi

Foto: «Xabar.uz»

Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida politsiya xodimiga pora bergan G‘ijduvon tumanilik fuqaro B.V.tergov jarayonida O‘zbekistonga qochib kelib, federal qidiruv bilan uch yilga ozodligi cheklandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi raisi Bobur Umarov ma’lum qildi.

Holatga ko‘ra, g‘ijduvonlik fuqaro B.V. yaqin qarindoshi U.K. ga  tegishli bo‘lgan yuk tashishga mo‘ljallangan avtomashinada Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahri bo‘ylab sayr qilib yurishgan.  U.K. avtomobil boshqaruvi davomida Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12.26-moddasi 1-qismi, 19.3-moddasi, 12.15-moddasi 4-qismi, 12.12-moddasi 3-qismi va 12.25-moddasi 2-qismida belgilangan qoidabuzarliklarni sodir etgan. Rossiya IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan unga to‘xtatilishi haqida ishora berilgan. U.K. spirtli ichimlik iste’mol qilgani uchun qo‘rqqani bois, ogohlantiruvlarga qaramay, avtomashinani to‘xtatmasdan harakatlangan. Shundan so‘ng YHXB xodimlari ularning izidan xizmat avtomashinasida quvib kelayotganini ko‘rib, U.K. o‘z boshqaruvidagi avtomashina tezligini oshirgan. «Veteranov» ko‘chasida joylashgan ko‘p qavvatli uylar tomon harakatlangan. Shu payt YHXB xodimlari o‘qotar qurol yordamida avtomashinaning shinalaridan otishgan. Avtomobil balonlari teshilgani tufayli ular avtomobilni to‘xtatishgan va undan tushib, turli tomonga qarab qochishgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, U.K. yaqin qarindoshi bo‘lgan B.V.ga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘lga olinganini aytgan. B.V. unga yordam berish maqsadida o‘ziga tegishli velosipedda hodisa joyiga borgan. Bu paytda U.K. politsiya xizmat avtomashinasi ichida bo‘lgan. B.V. esa bu vaziyatda politsiya xodimlariga pul taklif qilgan va muammoni yechishda ko‘mak so‘ragan.

Politsiya xodimi B.V.ga xizmat ishiga aralashmasdan uyiga ketishini, hech qanday kelishuv bo‘lmasligini aytgan. Biroq, B.V. organ xodimining ogohlantirishiga qaramay, o‘zi bilan olib kelgan 23 ming Rossiya rublini xizmat avtomobili old o‘rindiqlari orasida joylashgan barga qo‘ygan. Ayni shu paytda  YHXB xodimi  xizmat avtomobili eshiklarini qulflab,  voqea joyiga bir necha politsiya xodimlari va tergovchilarni chaqirgan. B.V. politsiya xizmati xodimlaridan jiyaniga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va uni qo‘yib yuborishlarini so‘ragan, barcha xato va kamchiliklar o‘z aybi bilan yuzaga kelganini tan olgan.

Shundan so‘ng RF Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi, Kirovsk tumani bo‘yicha tergov bo‘limi tomonidan fuqaro B.V.ga nisbatan RF JKning turli moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Unga vaqtincha yashash hududini tark etmaslik va munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shundan so‘ng B.V. tergovdan qochib, O‘zbekistonga qaytib kelgan. Rossiya federatsiyasi tergov organidan yashiringani bois, unga nisbatan federal qidiruv e’lon qilingan. Aybdorga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi tomonidan Kishinyov Konvensiyasi talablari asosida jinoiy ta’qibni davom ettirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.

Mazkur ishi jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan va  B.V. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi turli moddalari bilan aybli, deb topilgan va unga nisbatan uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring