Gender tenglik nafaqat tilda, balki Konstitutsiyada ham muhrlanmoqda
Bugun Gender tenglik nafaqat tilda, balki Konstitutsiyamizda ham muhrlanmoqda. Aniqrog‘i, xotin-qizlar va erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligi Konstitutsiyaning 46-moddasida aniq qilib belgilanmoqda.
Bu mavzu ko‘p yillar davomida muhokamalar, tortishuvlar, munozaralarga sabab bo‘lib kelardi. Va nihoyat, intiqib kutilgan muhim va dolzarb qadam qo‘yilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil iyun oyida Oliy Majlis Senatidagi nutqida shunday degan edi: «...bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak».
Ya’ni, gap nafaqat ayollarni ijtimoiy himoya qilish, balki xotin-qizlarning alohida maqomi va ularga nisbatan hurmatini tiklash haqida ham bormoqda. Afsuski, o‘tgan o‘n-yigirma yillar davomida gender tenglik masalasi faqat tilda va qog‘ozda qolib ketgan edi. Ayollarimiz, ayniqsa, qishloqdagi xotin-qizlarimizni asosan paxta dalalarida mehnat qilib, o‘qish yoki kasb-hunar o‘rganishlariga imkoniyati yo‘q edi.
Mana 5-6 yildirki, ayollarimiz jamiyatning hamma sohalarida faol ishtirok etib, davlat rivojlanishiga o‘z hissasini qushib kelayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Bunga ayollarimizga ko‘rsatilayotgan ishonch va imkoniyat o‘laroq katta natijalarga erishilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bunday fikrlashimizga asoslar bor albatta. Masalan, bugun O‘zbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori (28.05.2021) bilan 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.
Faxr bilan aytish kerakki, O‘zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, parlamentdagi xotin-qizlar ulushi qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi.
Boshqaruvda ham ayollarimiz sezilarli darajada ko‘paydi. Masalan, olib borilayotgan tub islohotlar natijasida boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi.
Demak, kiritilayotgan 46-modda xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarini ta’minlaydi hamda bu sohadagi ishlarning bardavom bo‘lishini, hech bir ayolning muammosi chetda va e’tiborsiz qolmasligini mustahkamlaydi.
Feruza Usarova,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi
O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha
muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori v.b.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter