Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hayot Shamsutdinov kim?

Hayot Shamsutdinov kim?

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Biror davlat organi yoki tashkilotiga matbuot kotibi tayinlanishi favqulodda voqelik emas. Bunday lavozim egasi o‘zi xizmat qilayotgan muassasaning birinchi rahbari hisoblanmaydi ham. Shunga qaramay ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun davlat organlarining birinchi rahbaridan ham uning matbuot kotibi kim ekani qiziqroq. Yo‘llarimiz shu lavozimni band qilib o‘tirgan kishi bilan kesishadi-da odatda.

Qolaversa, endi vaziyat ham o‘zgargan: Prezident qarori bilan davlat organlari va tashkilotlarining matbuot kotiblari maqomi ko‘tarilib, zimmasiga shunga yarasha mas’uliyat ham yuklatildi. Demak, shu bugun Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbarligiga tayinlangani e’lon qilingan Hayot Shamsutdinov bilan yaqinroq tanishish foydadan holi emasday.

Qisqa fursatda «yiqqan-tergan» ma’lumotlarimizga ko‘ra, H.Shamsutdinov, farg‘onalik. Adliya maslahatchisi (podpolkovnik darajasidagi harbiy unvon). Prokuratura Matbuot xizmatida ishlash tajribasiga ega. Chamasi, o‘n yillar burun, Svetlana Artiqova Bosh prokuratura matbuot xizmatiga rahbarlik qilib, katta-kichik e’tiroflarga sazovor bo‘lgan paytda uning qo‘l ostida ishlagani aytiladi. Ortiqova xonim Oliy Majlis Senatiga ko‘tarilib ketgach, to yangi matbuot kotibi tayinlangunga qadar shu vazifani vaqtincha bajarib turgan ham.

Faoliyatini tuman prokurori yordamchisi vazifasida boshlagan H.Shamsutdinov Farg‘ona viloyat prokuraturasida ishlagan, Bosh prokuraturadagi chamasi uch yillik faoliyatidan so‘ng Qo‘qon shahar prokurori o‘rinbosari etib tayinlanadi.

Qo‘qon shahar prokuraturasida ishlash tizim xodimlari uchun chinakam sinov deyish mumkin. Keyingi yigirma yil ichida qadimiy shahar prokurorga yolchimadi, hisob. Bu vaqt mobaynida birorta prokurorga bir muddat (besh yil) ishlash nasib etmadi. Ularning aksariyati shu lavozimdan ko‘tarilib emas, «urilib» ketgani ko‘p narsalarga dalolat qiladi.

H.Shamsutddinov Qo‘qon shahar prokurori o‘rinbosari safatida salkam to‘rt yil ishladi (shu to‘rt yilda shahar prokurori ikki marta almashadi). Keyin Farg‘ona viloyat prokurorining kadrlar bilan ishlash bo‘yicha katta yordamchisi lavozimiga loyiq ko‘riladi. Prokuratura tizimida birinchi tozalash ishlari boshlanganda u Bosh prokuraturaning Kadrlar boshqarmasi katta prokuroriligiga o‘tkaziladi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari etib tayinlangunga qadar Farg‘ona viloyati prokurorining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha katta yordamchisi sifatida ishlab kelayotgandi.

U ona tilidan tashqari rus va ingliz tillarini biladi. Hatto rus tilini o‘zbekchadan ham yaxshiroq bilishi aytilmoqda.

Hozirda senator Svetlana Artiqova paytida bir ko‘zga ko‘rinib, so‘ng o‘z davriga monand faoliyat ko‘rsatib, Surayyo Rahmonova rahbar bo‘lib kelgach, tamomila yangicha bosqichga ko‘tarilgan Bosh prokuratura matbuot xizmatiga kim rahbar bo‘lishini OAV vakillari sabrsizlik bilan kutishayotgandi, rosti. Mana, biz tez-tez bezovta qiladigan mutaxassis bilan qisman tanishdik.

Mediaolamning «g‘alag‘ovur» muhitiga xush kelibsiz, Hayot Ne’matovich!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring