Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

It va mushuk saqlash qoidalarini bilasizmi?

It va mushuk saqlash qoidalarini bilasizmi?

Adliya vazirligi matbuot xizmati it va mushuk saqlash qoidalari va majburiyatlari haqida ma’lumot tarqatdi. Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uydagi xonadonda it va mushuk saqlash uchun qo‘shnilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligini olish lozim.

Fuqarolarga itlar va mushuklarni saqlashda quyidagilar taqiqlanadi:

— umumiy foydalaniladigan joylarda: zinapoyalar, cherdaklar, yerto‘lalarda, shuningdek oshxonalar, balkonlar va umumfoydalanishdagi peshayvonlarda saqlash;
— qo‘riqchi itlarni ta’lim va tibbiyot muassasalarida saqlash;
— umumiy ovqatlanish joylariga, oziq-ovqat do‘konlari va boshqa do‘konlarning savdo va ishlab chiqarish zallariga olib kirish;
— ko‘pchilik boradigan joylarda (plyaj, hovuz, favvoralarda va hokazolarda) cho‘miltirish yoki yuvish;
— mast holatdagi shaxslar va 14 yoshdan kichik bolalarning itlarni sayr qildirishi;
— it va mushuklarni tashlab ketish, jarohat yetkazish, qarovsiz qoldirish, ozor berish yoki jismoniy va ma’naviy azob berish, o‘lishiga yoki jarohatlanishiga olib kelgan harakatlarni, ularga nisbatan boshqa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan harakatlarni sodir etish;
— sanitariya-epidemiologiya va veterinariya xizmatlarining ruxsatisiz bolalar muassasalarining zoologiya burchaklarida saqlash.

Bundan tashqari itlar bilan jamoat joylarida bo‘lish va jamoat transportiga chiqish ham taqiqlanadi. Itlar va mushuklarni transportning jamoat transportidan boshqa barcha yer usti turlarida olib yurishga ruxsat beriladi.

Kichik itlar va mushuklar jamoat transportida ularning sog‘lig‘iga xavf solmaydigan va qochib keta olmaydigan ko‘chma qurilmalarda, shuningdek yo‘lovchilarning xotirjamligi buzmaydigan holda olib yurish mumkin.

Itlar ochiq joylarda yoki buning uchun maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildiriladi, bu yerlar har doim ozoda saqlanishi kerak.

Itning egasi it qochib ketmasligi yoki odamlar yoki boshqa hayvonlarga hujum qilmasligi choralarini ko‘rishi zarur.

It bo‘yinbog‘iga jeton mahkamlangan holda yetovda olib yurib sayr qildirilishi, jetonda identifikatsion raqami ko‘rsatilishi kerak.

It ochiq joylarda sayr qildirilganda u tumshuqbog‘da va 2 metrgacha uzunlikdagi yetovda, jamoat joylarida 1 metrgacha uzunlikdagi yetovda bo‘lishi kerak, tumshuqbog‘siz va yetovsiz faqat maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildirishga ruxsat beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring