Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jazo muqarrar: davlat raqam belgisini yopib harakatlangan «Kaptiva» fosh bo‘ldi

Jazo muqarrar: davlat raqam belgisini yopib harakatlangan «Kaptiva» fosh bo‘ldi

Foto: O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati

Toshkent viloyatida davlat raqamini yopib harakatlangan qora rangdagi avtomobillar ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. «Kaptiva» rusumli transport vositasi haydovchisi avtomobil davlat raqam belgisini yopgan holda harakatlanganligi aks etgan video lavha va fotosuratlar fuqaro tomonidan IIV YHXBBga ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabariga ko‘ra, olib borilgan surishtiruv ishlari davomida «Kon geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi»ga tegishli bo‘lgan, «Kaptiva» rusumli, 01 215 RFA davlat raqam belgili avtomobil haydovchisi Chinoz tumani hududida transport vositasi davlat raqam belgisini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan qoplama yopib harakatlanganligi ma’lum bo‘ldi.

Haydovchi, 1986-yilda tug‘ilgan R.E.ga nisbatan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 3-ilovasi (Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar) 7.15-bandi ikkinchi qismi (Transport vositasida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini ko‘rinishini cheklaydigan, to‘g‘ri aniqlanishiga xalaqit beradigan har-xil buyumlar o‘rnatilgan va qoplamalar bilan qoplangan bo‘lsa)da belgilangan talablarni buzganligi bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 127-moddasi 2-qismi (Tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish) tartibida bayonnoma tuzilib transport vositasi ushbu Kodeksning 291-moddasi tartibida vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Ma’lumot o‘rnida, davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring