Kishanlangan fuqaro profilaktika inspektoriga «kalla qo‘ydi»...

...Kogonlik E.Rabbanov mast holatda «tekkanga tegib, tegmaganga kesak otib» yurganida ichki ishlar xodimlari ushlab, «punkt»ga olib kelishdi. Shundayam o‘zini boshqara olmagach, profilaktika inspektorining yordamchisi uni kishanlashga majbur bo‘ldi. Bundan battar quturgan E.Rabbanov profilaktika inspektori xonasida to‘polon ko‘tarib, stol va stullarni sindiradi. Kamiga inspektor Feruz Rajabovga «kalla qo‘yib», yuziga yaxshigina jarohat yetkazdi.
O‘zi shundog‘am ma’muriy javobgarlik naqd bo‘lib turgandi unga. «Polvon»ligi ahvolini battar yomonlashtirdi, xolos. Oqibatda u ma’muriy emas, jinoiy javobgarlikka tortildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi raisi Zarif Sherovning «Xabar.uz» muxbiriga ma’lum qilishicha, E.Rabbanov ikki yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Tayinlangan jazoni esa qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Sa-al oshib ketmadimi?
— Yo‘q, deydi sud raisi. — Hammasi qonun doirasida. Norozi bo‘lsa — marhamat, tegishli tartibda shikoyat qilishi mumkin. Sudlanuvchining qattiq tartibli koloniyaga ravona qilinishi boisiki, u ilgari ham mast holatda bezorilik qilgani uchun uch yarim yilga «kesilgan», muddatidan avval shartli ravishda ochiqqa chiqqaniga qaramay yana shunday jinoyatga qo‘l urib turibdi. Natijada unga o‘talmay qolgan jazosi ham qo‘shib berildi.
Avvalgi qilmishidan xulosa chiqarmagan kimsaga yana muruvvat ko‘rsatilarmidi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter