Senatning sud korpusini shakllantirishdagi vakolatlari kengayadi

Senat endi Sudyalar oliy kengashi a’zolarini saylash jarayonida faolroq ishtirok etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 19-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida qilgan nutqida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash yo‘lidagi ushbu muhim yangilikni e’lon qildi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, Senatning mazkur konstitutsiyaviy vakolati faqat nomzodlarni tasdiqlash bilan cheklanmasligi kerak. Yuqori palata qo‘mitalari nomzodlarning faoliyati bilan tanishib, ular haqida xulosa tayyorlash va ochiq-oshkora baholash amaliyotini yo‘lga qo‘yishi zarur. Bu esa sudyalikka munosib, malakali kadrlarni tanlash jarayonini yanada takomillashtiradi hamda sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi mas’uliyatini oshiradi.
Xorijiy davlatlar tajribasi ham bu yo‘nalishda muhim ahamiyatga ega.
Masalan, Rossiya Federatsiyasida sudya lavozimiga nomzodlar Federatsiya Kengashi qo‘mitasida maxsus tartibda ko‘rib chiqiladi, nomzodlar muhokama qilinadi va yashirin ovoz berish orqali qaror qabul qilinadi.
Qozog‘istonda va Tojikistonda ham parlament Senatida sudya nomzodlarini muhokama qilish va ularni rad etish yoki tasdiqlash tartiblari qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan.
Shu asosda, O‘zbekiston Senatida ham sudyalikka nomzodlarni dastlabki tarzda mas’ul qo‘mita ko‘rib chiqadigan huquqiy mexanizmlarni joriy etish taklif qilinmoqda.
Bu jarayonda nomzodlarning kasbiy faoliyatini tahlil qilish, shaxsiy sifatlarini baholash va ochiq xulosa tayyorlash tartibini aniq belgilash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Bu islohotlar Senatning sud korpusini shakllantirishdagi rolini kuchaytiradi va sud tizimining yanada mustaqil va samarali faoliyat olib borishiga zamin yaratadi.
Shuhrat Mirzayev,
O‘zbekiston Respublikasi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti
bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter