Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ma’lumotlar nega to‘liq ochiqlanmayapti?» – huquqshunos afv etish jarayoniga doir muhim savollar bilan murojaat qildi

«Ma’lumotlar nega to‘liq ochiqlanmayapti?» – huquqshunos afv etish jarayoniga doir muhim savollar bilan murojaat qildi

O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyev «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Huquqshunos Behzodbek G‘aniyev keyingi vaqtlarda afv jarayoniga doir muhim ma’lumotlar jamoatchilikka oshkor etilmayotganini savol ostiga oldi.

«Prezident Sh.Mirziyoyev davrida amnistiya amaliyoti to‘xtatilib, afv etish amaliyotiga o‘tilganidan xabardorsiz. Davlat rahbari tomonidan bir yilda 3-4 martagacha afv etish haqidagi farmon imzolanib, hozirgacha 5500 dan ortiq mahkum afv etilgan. Konstitutsiyamizning 30 yilligi munosabati bilan ham 402 nafar mahkum afv etilgani ma’lum qilindi», – deb yozdi huquqshunos.

Rasmiy manbalarda afv etish tartibida jazodan to‘liq ozod qilingan, muddatidan ilgari shartli ozod etilgan, jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan yoki qisqartirilgan shaxslarning soni; bunda afv etilgan ayollar, 60 yoshdan oshganlar, xorij fuqarolari, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar soni haqida ma’lumotlar beriladi. Lekin bu borada ayrim savollar ham tug‘ilmoqda.

«Prezidentning afv etish haqidagi farmoni normativ-huquqiy hujjat hisoblansa-da, nega uning matni rasmiy nashrlarda e’lon qilinmay qo‘ydi? Afv etilganlarning F.I.Sh., qanday turdagi jinoyat uchun qaysi jazoga qancha muddatga hukm qilingani, qaysi ko‘rinishida afv etilayotganiga oid ro‘yxatni omma e’tiboriga yetkazish nega to‘xtatildi?» – deya savol qo‘yadi B.G‘aniyev.

Ta’kidlanishicha, Prezidentning 2019 yildagi PF-5692 va PF-5888-sonli farmonlari rasmiy nashrlarda e’lon qilinib, afvning qaysi ko‘rinishi qo‘llanayotgani, mahkumning shaxsi va sudlanganiga doir ma’lumotlar berilgan edi.

«Avvalgi farmondan keyingi farmongacha davrda avf etishni so‘rab yuborilgan iltimosnomalar soni nechta, ularda bayon qilingan iltimoslar afvning qaysi ko‘rinishlariga taalluqli? Iltimosnomalarning nechtasi  nima sababdan rad qilingan? Bu boradagi maxsus komissiya faoliyati hisobotlari ochiqlanadimi? Davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan moddiy zararni qoplamasdan turib ham afv etilayotganlar bormi?» – deya vakolatli idoralarni savolga tutadi huquqshunos.

2021 yil 26 yanvardan joriy qilingan tartibga ko‘ra, iltimosnoma bor-yo‘qligidan qat’i nazar Prezident o‘z ixtiyoriga ko‘ra istalgan mahkumni afv etishi mumkin. Ekspertga ko‘ra, mazkur tartibga ko‘ra afv etilgan mahkumlar bor yoki yo‘qligiga ham aniqlik kiritish lozim.

«Bu boradagi ma’lumotlarning to‘liq ochiqlanishi kelgusida afv etilganlar bilan o‘xshash vaziyatlarda bo‘lgan boshqa shaxslar uchun ham shunday iltimosnomalar bilan murojaat qilish va insonparvarlik aktidan foydalanish imkonini beradi», – deb xulosa qiladi huquqshunos Behzodbek G‘aniyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring