Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ma’muriy sudlarda qanday ishlar ko‘proq ko‘rilyapti?

Ma’muriy sudlarda qanday ishlar ko‘proq ko‘rilyapti?

Ma’muriy sudlar tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. 2017-yil 1-iyundan o‘z faoliyatini boshlagan mazkur huquqiy institut fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida samarali faoliyat yuritmoqda.

2018-yil mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, xususan, davlat boshqaruvi organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish bilan bog‘liq 22 052 ta ish ko‘rib chiqildi. Natijada 17 007 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi, 130 ta mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy vakili Aziz Obidov ma’lum qilmoqda.

Shuningdek,  rasmiy vakilning ta’kidlashicha, ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 477 316 nafar shaxsga nisbatan 383 733 ta ish ham ko‘rib chiqilgan. Natijada 317 200 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoq va O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Tahlillarga ko‘ra, ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini transport vositalarini qonunga xilof ravishda boshqarish bilan bog‘liq, shuningdek, mayda bezorilik, militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, pasport tizimi qoidalarini buzish va O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Xususan, ma’muriy sudlar tomonidan transport vositalarini mast holda boshqarish va transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 58 015 nafar shaxsga nisbatan 57 179 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 6 264 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi, 44 367 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi natijasida jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 22 810 nafar shaxsga nisbatan 22 182 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 19 211 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanildi, 1 511 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Ma’muriy sudlar tomonidan 215 788 ta ish, ya’ni barcha ishlarning 56 foizdan ortig‘i sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 3 012 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi, shundan 481 tasi ish materiallari asosida o‘rganilib, quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 101 ta qaror bekor qilindi va 69 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring