Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qachon qo‘lga qurol olib jang qilish mumkin?

Qachon qo‘lga qurol olib jang qilish mumkin?

Har bir inson umrida bir marta bo‘lsa ham qo‘liga qurol olib jang qilish to‘g‘risida o‘ylagan bo‘lsa kerak. Chindan ham qachon bu ishni qilish mumkin? Bu savolga maqola oxirida javob olasiz.

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvda ishtirok etish istagini bildiruvchilar yoki bunga da’vat qiluvchilar uchramoqda.

Biroq O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga ko‘ra, yollanganlik uchun shuningdek, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Bunday javobgarlik boshqa davlatlarning qonunlarida ham nazarda tutilgan. BMT Bosh Assambleyasining 2465 (XXIII) son Rezalyusiyasida ham yollanish jinoyat sifatida baholangan. Demak, yollanish xalqaro jinoyat hisoblanadi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga ko‘ra yollanuvchi (yollanma) sifatida quyidagi shaxslarlar tushuniladi:

nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan;

- nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan;

- hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan.

Yollanma shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi tushuniladi. Buning uchun besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Yollanma shaxsni yollash (masalan internet orqali); o‘qitish; moliyalashtirish; unga boshqa moddiy ta’minot berish; undan harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish uchun yetti yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi yoki yollanganlik uchun esa uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga ko‘ra  shaxs chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi oqibatida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotadi!

Demak, O‘zbekiston fuqarolari o‘zga yurtlarda va o‘zga yurtlarning qurolli kuchlarida xizmat qilishi mumkin emas. Bu O‘zbekiston qonunlari bilan ham, chet el qonunlari bilan ham, xalqaro huquq normalari bilan ham man etilgan. Shu o‘rinda aytish joizki, O‘zbekiston armiyasida ham chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar xizmat qilolmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish — O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdir.

Shuningdek, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga binoan umumiy harbiy majburiyat fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishga majburiy harbiy tayyorgarligidan iborat bo‘ladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safini to‘ldirishni va ularning rezervini tayyorlashni ta’minlash maqsadida joriy etiladi.

O‘zbekiston fuqarolari faqat va faqat O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 125-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi.

Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslanadi.

Endi yuqoridagi savolga qaytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston fuqarolari faqat O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibida O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun qo‘lga qurol olib jang qilishi mumkin!

Farhod Primov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring