Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shnisini ketmon bilan chopgan shaxs 15 yilga qamaldi

Qo‘shnisini ketmon bilan chopgan shaxs 15 yilga qamaldi

Bir sotix yer maydoni ustida janjallashib kelayotgan qo‘shnisini ketmon tig‘i bilan bir necha marotaba urib, chopib, o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish jinoyatini sodir qilgan shaxs 15 yilga qamaldi, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qildi jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi sudyasi Malik Boboyev.

Buxoro tumanida tug‘ilgan va ilgari sudlanmagan fuqaro E.Ya. 27 yildan buyon Buxoro shahridagi xonadonlardan birida uch nafar farzandi bilan yashab kelgan. 2015 yilda O‘.B. ismli ayol unga qo‘shni bo‘lib kelgan.  Har ikki qo‘shni o‘rtasida 9 yil davomida yer masalasida o‘zaro kelishmovchilik davom etgan. Shu yillar mobaynida ularning mojarolari turli sudlarda ko‘rilgan, mahalla yig‘ilishlarida muhokama qilingan. Shunga qaramasdan, ular o‘rtasida joylashgan va har ikkalasiga ham rasman tegishli bo‘lmagan 1 sotixli yerga talashish ayanchli oqibat bilan yakunlandi.

Kunlarning birida qo‘shni ayol tushlik vaqtida yelkada ketmoni bilan mahalla hashariga ketayotgan, spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan E.Ya.ga o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomashinadan tushmasdan, unga «uyingni buzishni boshlamadingmi, baribir buzasan» degan. E.Ya. bundan jahllangan va unga bepisandlik qilgan qo‘shni ayol o‘tirgan mashina old salon derazasini ketmon dastasi bilan urib sindirgan va «seni o‘ldiraman!» – deya baqirib, jahl otiga mingan.

Ayolning 12 yoshli voyaga yetmagan qizi ko‘z oldida uni mashinadan tortib tushirgan. «Seni chopaman, yashashga haqing yo‘q» deb, qo‘lida bo‘lgan ketmon bilan shafqatsizlarcha uning hayoti uchun muhim bo‘lgan bosh sohasi, yuz-jag‘ va tanasining turli sohalariga bir necha marotaba qasddan urgan, chopgan. Voyaga yetmagan qizning jovrab, «onamni o‘ldirmang, onamni urmang», – deyishiga qaramay, ketmon tig‘i bilan O‘.B.ning hayotiga xavf soluvchi og‘ir tan jarohati yetkazgan. U hushsizlanganidan so‘ng, E.Ya.: «Mana, endi o‘lding!» – deb kulib, voqea joyidan ketgan. O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish jinoyatini sodir qilgan. Qo‘shnisi o‘ldi, deb o‘ylagan va hech qanday yordam ko‘rsatmagan.

Qonga belangan og‘ir ahvoldagi O‘.B. hush-behush boshi ustida yig‘lab turgan qiziga IIBning «102» qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishini aytgan.

Voqea joyiga zudlik bilan IIB hudud profilaktika inspektori yetib kelgan va birinchi yordamni ko‘rsatgan va og‘ir ahvoldagi bemorni RShTYoIM Buxoro filialiga olib borgan. Jabrlanuvchining salomatligi o‘ta og‘ir darajada bo‘lishiga qaramay, uning hayoti saqlab qolingan.

«9 yildan ortiq vaqt davomida qo‘shnim menga yer masalasidagi kelishmovchilik sabab doimiy ravishda ma’naviy bosim o‘tkazib keldi. «Seni o‘ldiraman», «Seni chopib tashlayman» degan vajlar bilan qo‘rqitardi. Ammo, sabr bilan chidab keldim. Men-ku, mayli, ammo, hali voyaga yetmagan qizimning oldida meni shafqatsizlarcha chopib tashlab, bir umr salomatligimga dahl qilganini hech qachon kechirmayman. Qonun doirasida chora ko‘rib, jazoni ham qilmishiga yarasha tayinlashlarini talab qilaman», – degan sud-tergov davomida O‘.B.

Aybdor E.Ya.ning hatti-harakatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 25- (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining «j» (o‘ta shafqatsizlik bilan) bandi qo‘llanilgan. Unga u modda bilan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U tayinlangan jazoni umumiy koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring