Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rasul Kusherbayev: «Har birimiz tanqidlar uchun tovlamachilikda ayblanishimiz mumkin»

Rasul Kusherbayev: «Har birimiz tanqidlar uchun tovlamachilikda ayblanishimiz mumkin»

Foto: Rasul Kusherbayevning telegram kanalidan olindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev tovlamachilikda ayblanayotgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy atrofidagi voqealar haqida post qoldirdi.

«Yuqoridagi rasmdagi bola surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy.

U yaqinda Qiziriq tumanidagi fermerlar Oliy Majlisga kelganida, men bilan uchrashib, tanqidiy chiqishlari uchun Surxondaryodagi amaldorlarning bosimlari haqida aytib, yordam so‘ragandi.

Uning aytishicha, Otabek bir necha oy oldin jamoatchilik nazorati uchun Sherobod tumanidagi bozorda narx-navolarni telefoniga tushirayotganida bozorning bir nechta zo‘ravon xodimlari kelib, urib ust-boshini yirtib, telefonini sindirib tashlashgan.

Keyin u IIBga ariza berib, o‘sha zahoti bozordagi «zo‘ravonlik» bo‘yicha tuman hokimiga uchragan. Tuman hokimi Otabekka bu voqealarni internetga chiqarmaslikni iltimos qilib, unga sindirilgan telefon o‘rniga tovon tariqasida yangi telefon olib berishlarini va shu yo‘l bilan yetkazilgan zarar qoplanishini va’da bergan ekan.

Qonunlarimizning adolatli va insonparvar ekanligiga ishongan men sodda deputat esa Otabekka:

— Mayli siz sindirilgan telefoningizni oling, lekin bozordagi zo‘ravonlik uchun bozor boshlig‘i javob berishi kerak. Arizangiz natijasiz qolsa menga murojaat yuboring. O‘zbekistonda Prezident siyosati sabab ochiqlik bo‘lmoqda, Surxondaryoda amaldorlar qonunlarga qaramasa ham Prezident siyosatiga qarshi chiqmasa kerak – deb, ko‘nglini ko‘tarib jo‘natib yuboribman.

Bugun esa xuddi o‘sha bloger sindirilgan telefoni o‘rniga, tovon tariqasida olgan telefonini deb tovlamachilikda ayblanmoqda. Balki «vijdonini yutgan»lar yana nimalardir bo‘yniga qo‘yishar. Zo‘ravonlar esa jazosiz qolmoqda.

Eshitishimcha, Otabekning IIBga bergan arizasi ham «yo‘q» bo‘lish arafasida.

O‘z vaqtida uning ogohlantirishiga jiddiy e’tibor bermaganimdan afsusdaman. Men bunchalik pastkashlikka borilmas, degan o‘yda edim. Afsus...

Bilasizmi, bu amaldorlarni tanqid qilayotgan bitta blogerga emas, butun boshli so‘z erkinligiga, Prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi surxondaryolik amaldorlarning isyonidir.

Biz hozir jim kuzatsak, ertaga har  birimiz tanqidlar uchun tovlamachilikda ayblanishimiz mumkin», deb yozadi deputat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Otabek Sattoriy o‘zining uyi oldida maxsus kimyoviy ishlov berilgan bir dona telefon apparatini olgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan tovlamachilikda ayblanib ushlangani haqida IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bergandi.

Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring