«Rekord»ga qancha qoldi? (Farg‘ona viloyati prokuraturasidan teskari reportaj)
Avvaliga istiholamizni izhor etsak.
Bir necha oy avval saytimizda «Jinoyat bor-u jinoyatchi yo‘q... Yoki «Farg‘onacha berkinmachoq» sarlavhali maqola e’lon qilib, mahalliy tadbirkor himoyasi uchun uch-to‘rt og‘iz gap aytish asnosida viloyat prokuraturasiga bilib-bilmay kesak otib qo‘ygandik. To‘g‘ri, amalda hech narsa o‘zgargani yo‘q.
Kallani mo‘ljallab otilgan kesak sallani chuvalatishgayam yaramadi, rosti. Buning sir-sinoati haqida bosh qotirib, nihoyat, amin bo‘ldikki, Farg‘ona viloyati prokuraturasi noyob rekord sari dadil odimlayotgan ekan.
Qanday rekord?
Bilasiz, yo‘q ayblovlar bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atib, aybsizlarni qamash bo‘yicha rekordlar qalashib yotibdi. Ming harakat qilinmasin, bundan bu yog‘iga bunaqa ishlarni do‘ndirib tilga tushish qiyin endi. Buni teran anglagan farg‘onalik mutasaddilar yo‘q ayblovdan jinoyat yasash emas, aksincha — naqd jinoyat bo‘yicha aybdorni topmaslik, topolmaslik ustida ishlab, tergov tarixida yangi sahifa ochishga bel bog‘lagan ko‘rinadi.
Albatta, ochilgan «delo»ni yopaverish uchun otning kallasidek yurak, osmonga ustun bo‘lgulik tirgak kerak. Jur’at masalasida muammo yo‘qligini aytdik. Ammo tirgak masalasida har qancha yozg‘irish mumkin. Tajriba ob’yekti sifatida tanlangan beshariqlik tadbirkor Ravshanjon Roziqovni-ku, tushunsa bo‘ladi: to‘rt yillik sarson-sargardonlikdan alami chandon ziyodaki, aybdorlar topilib, jazolanishini xohlaydi. Bu yoqda biz ham tinch turganimiz yo‘q. Kamiga Bosh prokuratura ham viloyat prokuraturasini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, yo‘liga to‘g‘anoq bo‘layotganiga nima deysiz?! Shunga qaramay viloyat prokuraturasi xodimlari ahdida sobit! Chunki, yangilik yo‘lidagi har bir sinov bebaho tajriba vazifasini bajaradi. Qolaversa, hech bir yangilik amaliyotga silliq joriy bo‘lgan emas. Riyozatsiz saodat bormi, ohey?! Deydilarkim, jon kuydirmasang — jonona qayda, xotin olmasang — qaynona qayda?! Shu ma’noda tanlagan yo‘li, ko‘zlagan manzili sari mardonavor odimlayotganlarni issiq kunda muzdek qimiz bilan siylashni so‘rab, portalga murojaat qilmoq ham kerakday...
Mayli, bular endi kelajakdagi ishlar, biz bayondan chalg‘imaylik.
Masala mohiyatini anglatsak. Beshariqlik Ravshanjon Roziqov bir paytlar bankdan qarz olib, vaqtida qaytarolmagani bois garovdagi mulklari qulog‘ini ushlab ketadigan bo‘ldi. Tegishli sud hujjati chiqib, Beshariq tumani sud ijrochilari (endilikda Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi xodimlari) mulklarni sotuvga qo‘yish jarayonida biroz hayajonlanganmi yoki boshqa omil ta’siridanmi, ishqilib, tadbirkorning garovdagi mulklariga qo‘shib, garovda bo‘lmaganlarini ham dalolatnomaga tirkab yuborishadi. Bu holat fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudida qiyinchilik bilan e’tirof etilib, xususiy ajrim chiqariladiki, bunda jinoyat alomati borday, janob prokuror, so‘rab-surishtirib aniqlang-chi, birovning mulkni tuya qilganlar kim ekan?
Hammasi shunday keyin boshlandi.
Avvaliga Beshariq tuman prokuraturasi tergovga qadar surishtiruv o‘tkazib, go‘yoki jinoyat alomatlarini topmadi. Farg‘ona viloyat prokuraturasi dastlab tuman prokurorining bu xulosasiga qo‘shilmadi: jinoyat belgilari yo‘q deb, bekorlarni beshginasini aytibsiz, jinoyat hidi anqib turibdi-ku, baski, boshqatdan, yaxshilab o‘rganing, akasi ko‘zidan...
Shu tariqa jichcha pachag‘i chiqarilib Beshariqqa qaytarilgan «delo»ni tuman prokuraturasi bir tepib, tuman ichki ishlar bo‘limiga oshirdi: sizlaram bir qaranglar-chi, nahot jinoyat alomatlari bo‘lsa?!
Beshariq tuman IIB tergovchisi ishni yaxshigina ezg‘iladi: sud-xatshunoslik ekspertizasi tayinlab, ekspertlarning dalolatnomadagi imzolar qalbaki ekani haqidagi shahodatini olgach, Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi (hujjatlarni soxtalashtirish) bilan rostmana jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Va... u yog‘iga hafsalasi yetmadi, chog‘i: tayyor ochilgan ishni JPKning 83-moddasi 2-qismi bilan (hech kimning qilmishida jinoyat tarkibi yo‘q) yopib qo‘yaqoldi.
Tadbirkorning shikoyatidan so‘ng «delo» yana viloyat prokuraturasiga chaqirildi, o‘rganildi, qaraldiki, IIB tergovchisiyam shoshibdi. Uning jinoyat ishini tugatish haqidagi qarorini bekor qilar ekan, «ish»ni boshqa modda bilan malakalab ham berdi: holat JKning 228-moddasidan ko‘ra, 205-(mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-(mansab soxtakorligi) moddalariga ko‘proq tortadi. Chunki, dalolatnomagi imzolarni chetdan birov kelib soxtalashtirmagani aniq, bunday «ijod» tor doirada bo‘lgani ehtimoli yuqori, demakki, aybdorni ijrochilar orasidan qidirish kerak, ular esa o‘z-o‘zidan mansabdor shaxs hisoblanadi.
Yangi modda, yangi yo‘nalish va topshiriqlar bilan yana Beshariq tumani prokuraturasiga qaytganidan keyin ham «delo»ning peshonasi ochilmaganiga nima deysiz?! Jinoyat ishi yana yopildi: jinoiy hodisaning o‘zi yo‘q, hamma oppoq, hamma do‘mboq... Tumanda yopilayotgan ishni bekor qilaverish viloyat prokuraturasi xodimlarining joniga tegdi chog‘i, ular ham «delo»ni qayta titkilab ko‘rishdi va... jinoyat ishini tugatish haqida o‘zlari ham yangi qaror chiqarib qo‘yaqolishdi.
Shundan keyin ham tadbirkor jim ketadi, deysizmi? Bosh prokuraturaga yozdi. «Delo»ni o‘rgangan markaziy mahkama mas’ullari qarashsaki, ochiq qolgan savollar ko‘p, aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar ham yetarli. Ularga oydinlik kiritmay turib jinoyat ishini tugataverish — orzularini oshkor qilaveradigan xayolparastning qilig‘iga o‘xshaydi-da. Xullas, Bosh prokuratura Beshariq tuman prokuraturasining jinoyat ishini tugatish haqidagi qarorini bekor qilib, «delo»ni viloyat prokuraturasining o‘ziga yubordi: tumanda ish chiqmaydi-yov, o‘zlaring ko‘rlaring...
Viloyat prokuraturasi esa poytaxtni ziyorat qilib kelgan ishni yana tugatib qo‘yaqoldi.
Tadbirkor yana Toshkentga yozdi. «Delo» yana Bosh prokuraturaga chaqirilib, jinoyat ishini tugatish haqidagi qaror yana bekor qilindi. Va... ish yana Farg‘onaga jo‘natildi.
Farg‘ona viloyat prokuraturasi jinoyat ishini tugatish haqida yana qaror chiqardi...
Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishida bo‘zchining mokisiga aylangan «delo» bir gal hatto Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari qo‘liga tushib, navbatdagi bor abjag‘i chiqarilib, «ko‘zni kattaroq ochib, qaytadan tergov qillaring!» mazmunidagi ko‘rsatma bilan viloyatga yuborildi ham. Shunda keyin ham «ish»ning peshonasi ochilgani yo‘q: tugatilyapti, tugatilyapti...
Alqissa, 2017-yilning fevral oyida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi shu kungacha yetti bor tugatilib, yana shuncha marta qayta ochildi. Bu vaqt oralig‘ida «delo» shishib-semirib, olti (!) jildga yetdi, biroq amalda hech narsa o‘zgargani yo‘q.
Qoyilmisiz? Buni rekord desa bo‘ladimi? Albatta-da! Jinoiy hodisa yuz bermagan deyilsa — dalolatnomadagi imzolar qalbakilashtirilganini ekspert aytib turibdi. Shu qalbaki imzolar bilan tadbirkorning yuz million so‘mga yaqin moli tuya qilinayozdi. Naqd jinoyat manaman deb turganiga qaramay «jinoiy hodisa yuz bermagan» yoki «hech kimning harakatida jinoyat alomatlari yo‘q», deya «ish»ni tugataverish-tugataverishning o‘zi bo‘ladimi? Bunga har kim ham qo‘l uravermaydiki, bundoq jur’at quvvati qanday omillarga taqalishi katta ilmiy ishga mavzu bo‘lajak, nasib...
Jinoyat ishini «ochib-yopishlar» hali-veri tugamaydi, chamasi. Negaki, tadbirkor Ravshanjon Roziqov Farg‘ona—Toshkent—Farg‘ona yo‘nalishida chopaverib, og‘zidan qoni kelib, dumalab qolmas ekan, tinchiydigan siyoqi yo‘q. «Delo»ning atalasi chiqib ketganiga qaramay, Bosh prokuratura ham viloyatning ishni tugatish haqidagi qarorlarini bekor qilishni bas qilishni xayoliga keltirmayotganday. Bundan anglashiladiki, oldinda Farg‘ona viloyat prokuraturasini yangi va yangi sinovlar kutib turganining ehtimoli katta. Jinoyat ishini matonat bilan tugataverish uchun esa vaziyatga bir tomonlama yondashib, markaziy mahkama ko‘rsatmalarini chala-chulpa bajarish yoki umuman bajarmaslik talab etiladi, xolos. Bu borada yaxshigina tajriba to‘planganini inobatga olsak, «delo» yanayam urchib-ko‘payib, o‘nlab jildga yetishiga shubha qolmayotir.
Demak, marra hali oldinda. Na aytib, na yozib bo‘lmaydigan tilaklarimiz yor bo‘lsin, aziz qonun peshvolari!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter