Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat oltita qonunni ma’qulladi, bittasini rad qildi

Senat oltita qonunni ma’qulladi, bittasini rad qildi

Foto: Senat axborot xizmati

2021-yil 26-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Senat a’zolari, Hukumat mutasaddilari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Dastlab senatorlar «Rasmiy statistika to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun mamlakat milliy statistika tizimi huquqiy asosini yaratib bermoqda.

Qonunda rasmiy statistikaning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, ma’lumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolar va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirilgan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Ushbu Qonunning hozirgi kunda dolzarbligi, o‘tgan davr mobaynida fuqarolarning diniy e’tiqodini amalga oshirishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy ta’lim olishni va diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishini ta’minlash, dinlararo va millatlararo nizolarni kelib chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin «Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo‘ldi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining 1993 yilda qabul qilingan «Sudlar to‘g‘risida»gi amaldagi Qonuni mustaqillikning dastlabki yillarida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda sud tizimidagi chuqur o‘zgarishlar to‘liq aks ettirilmagan va u zamon talablariga javob bermaydi.

Shu sababli yangi tahrirdagi «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonun ishlab chiqilgan.

Senatorlar tomonidan ushbu Qonun ma’qullandi.

So‘ngra «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. 

Mazkur Qonunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida davlat tilining qo‘llanilishi, ish yuritish tili, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda davlat tilining qo‘llanilishi, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek, ularning loyihalarida foydalaniladigan til, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ishlatiladigan til, sud ishlari yuritiladigan til, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, fuqaroning shaxsini va huquqlarini tasdiqlashda qo‘llaniladigan til masalalari ham batafsil belgilangan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng «2021-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun Davlat budjeti xarajatlarining 13,1 trln so‘mga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo‘ldi. 

Qayd etilganidek, Qonunning maqsadi jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi tomonidan O‘zbekiston milliy tizimini baholashning ikkinchi bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida FATF tavsiyalarini qonunchilikka implementatsiya qilishdan iborat.

Qonun bilan amaldagi 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Birinchidan, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartish kiritish orqali jinoiy yo‘l bilan olingan mol-mulkni aniqlash, xatlash va musodara qilishni ta’minlash maqsadida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni prokuror sanksiyasiga asosan prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va tezkor-qidiruv organlariga taqdim etish tartibi belgilanmoqda.

Ikkinchidan, «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartish kiritish orqali 6 ta tezkor-qidiruv faoliyatni amalga oshiruvchi organlar tomonidan prokuror sanksiyasi bilan bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlardan foydalanish tartibi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan ushbu Qonun ma’qullandi.

Shundan keyin «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Qonunni ishlab chiqishda milliy qonun hujjatlari, xorijiy mamlakatlar tajribasi va yurist-olimlar fikrlari o‘rganilmagan va tahlil qilinmaganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’yekti hamda qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan sohada vujudga kelgan muammolarni kompleks tahlil qilib, so‘ngra amaldagi qonunchilik normalarini tubdan takomillashtirish masalasini o‘rganib chiqish va shundan so‘nggina Jinoyat, Jinoyat protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga maxsus musodara qilish choralarini belgilash maqsadga muvofiq hisoblanishi bildirildi.

Shu bois Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.

Yalpi majlisda 19 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun muhokama qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring