Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatorlar yangi qonunni ma’qullashdi

Senatorlar yangi qonunni ma’qullashdi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2201-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, mamlakatimizda qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida «Qurol to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi, shuningdek, qurolning qonunga xilof muomalasining oldini olish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan qoida shaxslar boshqa turdagi qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganda ularni javobgarlikdan ozod qilish muammosini hal etmaydi.

Misol uchun faqatgina 2023 yilda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 1072 dona noqonuniy (ichki ishlar organlari ro‘yxatiga qo‘yilmagan) qurollar aniqlanib, 839 nafar fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2201-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, 2023 yilda tegishli ruxsatnomalarsiz saqlayotgan pnevmatik qurolini ixtiyoriy topshirish bo‘yicha ichki ishlar organlariga 1599 nafar fuqaro murojaat etgan.

Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramasdan o‘qotar bo‘lmagan, ya’ni pnevmatik qurolga noqonuniy egalik qilish, uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish bilan bog‘liq holatlar bugungi kunda ham kuzatilmoqda. Jumladan, 2023 yilda pnevmatik qurollar bilan bog‘liq 5 ta noxush holat sodir etilgan va buning oqibatida 4 nafar fuqaro jarohatlangan, 1 nafar fuqaro esa halok bo‘lgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra fuqaro o‘z ixtiyori bilan pnevmatik qurolni olib kelib topshirsa ham ushbu qurol musodara qilinib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravariga, mansabdor shaxslarga esa – yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin.

Vaholanki, Jinoyat kodeksining 248-moddasida jamoat xavfsiziligi darajasi ancha yuqoriroq bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Yuqoridagi muammolarni inobatga olgan holda hamda qayd etilgan huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida qonunchilikda pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish quroli kabi o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi normani mustahkamlash zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2201-moddasiga shaxsni o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ixtiyoriy ravishda topshirganda ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Ta’kidlangandek, ushbu Qonun fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, shuningdek, jamoat tartibini saqlash va o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarining qonunga xilof muomalasi hollarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring