Sirdaryoda soxta dollarlarni haqiqiylariga sotayotgan «shovvoz» ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqoltin tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro qalbaki 150 ming AQSh dollarini «shartli xaridor»ga haqiqiy 30 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ta’kidlanishicha, mazkur fuqaro JIB Yangiyer shahar sudining 2024-yil dekabr oyidagi hukmi bilan Jinoyat Kodeksining 168 va 176-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 1 yil 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va hozirda jazo o‘tayotgan shaxs hisoblanadi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u Qozog‘iston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan ushbu qalbaki kupyuralarni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi fuqarodan olganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonunbuzarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter