Sobiq prokuror Ixtiyor Kalonov: «Oqlanishni istayman»
Xalqimizda «O‘t balosidan, suv balosidan tuhmat balosidan asrasin», degan ko‘hna maqol bor. Bu balolarning baloligi shundaki qutulish mushkul. Barcha falokatlar o‘z domiga katta kuch bilan tortib ketadi, qanchadan-qancha musibat keltiradi, qalbda o‘chmas dog‘ qoldiradi, insonga aziz bo‘lgan sog‘lig‘idan, kelajagidan, orzularidan ayiradi.
Tahririyatga xat keldi
Maktubni yozgan ayol — Zebo Kalonova turmush o‘rtog‘i Ixtiyor Kalonovning oqlanishini so‘ragan. Qisqacha mazmuni:
«Turmush o‘rtog‘im I.Kalonov 2011-2012-yillarda jinoyat ishlar bo‘yicha Mirobod sudi tomonidan O‘z.JKning 25-168 moddasi, 3-qismi «a» bandi, 25-211 moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari bilan noqonuniy jinoiy javobgarlikka tortilib sudlanib, jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2020-yil ajrimi bilan ushbu noqonuniy hukm o‘z kuchida qoldirildi...»
«Vijdonim qiynalib ketdi»
Ishni o‘rganish jarayonida Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida yashovchi fuqaro Akram Raimovning video suhbati e’tiborni tortadi. Akram Raimov aynan Ixtiyor Kalonovning jinoiy javobgarlikka tortilishiga o‘zi sababchi bo‘lganini, MXX xodimlari I.Kalonovni qo‘lga tushirish uchun A.Raimovdan foydalanganini, endilikda vijdoni qiynalayotganini aytadi. Uning arizasida 2011-yil oktyabr oyida MXX xodimlari kelib 20 yildan beri oshno bo‘lib yurgan I.Kalonovni ushlab berishi kerakligini, bo‘lmasa G‘uzor tumani IIBdagi 3.000 AQSh dollari olganligi haqida ariza bo‘yicha surishtiruv ketayotgani va uzoq muddatga qamalib ketishi mumkinligi bilan tahdid qilinadi. Ular mendan «I.Kalonov «Ruiddin» ismli shaxsni giyohvand modda bilan qo‘lga olinganlik ishida aralashmoqchi bo‘layotganini, 15.000 dollar so‘rayotibdimi yoki yo‘qmi», deb so‘rashdi. Men «bu gaplardan xabarim yo‘q», dedim. Shundan so‘ng ular, ya’ni o‘zini «Elbek», «Sanjar», «Ziyodulla» deb tanishtirgan MXX xodimlari unga I.Kalonov bilan pul masalasida gaplashishni va bildirmasdan diktofonga yozib olishni aytishadi. Qizig‘i, diktofon berilishi paytida hech qanday xolislar ishtirok etmaydi. Shundan so‘ng A.Raimov qo‘liga tutqazilgan diktofon bilan Ixtiyor Kalonovga uchrashadi.
«Tadbirda ushlab bermasam, meni JKning 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib javobgar qilishini aytdi, ertasiga diktofon olib I. Kalonovni uyiga bordim. U bilan birga nonushta qildik, turli mavzularda suhbatlashib o‘tirdik, bu orada men «Ruiddin»ni ishini hal qilib berishini so‘radim. I.Kalonov menga bu ishga meni aralashmasligimni, o‘zi ham aralashmasligini aytdi».
Shundan so‘ng MXX xodimlari ashyoviy dalillarga ishlov berishadi. I.Kalonovning uyda emasligini bilib uyi tomon borishadi. A.Raimovning videosida MXX xodimlarining «I.Kalonov baribir pulni olmaydi, ayoliga beramiz» deydi. Ayoli esa xonadoniga qadrdon odamga aylangan, bozor-o‘chariga yordam berib yuradigan bu odamning qo‘liga tutqazgan qora paketni hech qanday shubhaga bormasdan olishi tabiiy hol aslida...
Endi gapni I. Kalonovning turmush o‘rtog‘i Z.Kalonovadan eshitamiz.
«Taxminan kechki soat 9 atrofida A.Raimov «eshikni oching» dedi, eshikni ochdim, qo‘limga qora paketni tutqazib, akam bervordilar, dedi. Men xo‘jayinim har doim bozordan u bu narsa bervorgani, uyimizda doimo ro‘zg‘or ishlariga qarashib yurgani uchun qo‘lidan olishim bilan 15-20 chog‘li kishi kameralar bilan kirib menga tashlanishdi. Sochimdan yulib qo‘limga kishan solib, urib ketishdi. «Bu nima?», deb so‘rashdi.
Voqealarning rivoji mana shu yerdan boshlanadi. Nima bo‘layotganini tushunmagan ayolni bir binoga olib borishadi, 3-qavatga olib chiqishadi, boshiga urishadi, sochidan tortishadi, «mana bu ko‘rsatmalarga qo‘l qo‘ysang eringni ham, seni ham qo‘yib yuboramiz», deyishdi. Uyiga tezroq ketishni istagan, qo‘shni xonada erini boshqa urmasliklarini, qiynalishini ko‘rmaslik uchun barcha aytilgan qog‘ozlarga qo‘l qo‘yib beradi. Ammo keyinchalik Zebo Kalonova ko‘rsatmasi kuch ishlatib yozilganini inkor qilib boshqatdan ko‘rsatma beradi. «Sizlardan menga kuch va tazyiq o‘tkazib, tan jarohati yetkazib, turmush o‘rtog‘imga qarshi noto‘g‘ri ko‘rsatma olib, uning noqonuniy tergov qilinib, sudlanganligini e’tiborga olib to‘liq oqlashlaringizni so‘rayman. Ushbu haqiqat ko‘rsatmamni kompyuterda emas o‘z qo‘llarim bilan, aqliraso holda tazyiqsiz yozdim». Ammo bu ko‘rsatma e’tiborsiz qoldiriladi.
Oradan uch-to‘rt oy o‘tgach I.Kalonov sog‘lig‘i yomonlashgani bois uy qamog‘iga o‘tkaziladi. Sentyabr oyida tibbiy ko‘rikdan o‘tganida soppa-sog‘ bo‘lgan, xizmatda bo‘lgan I.Kalonov yanvar oyida jigar sirrozi tashxisi bilan shifoxonaga yotqiziladi.
«I.Kalonov haqida eshitmaganman»
2012-yilning yanvar oyining 12 kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumuni sudi tomonidan shunday hukm qilinadi, ya’ni I.Kalonov O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksining 25-168-moddasi, 3-qismning «a» bandi va 28-211 moddasi 3-qismining «a,v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topiladi.
Xullas chiqarilgan hukm bo‘yicha I.Kalonov ma’lum muddatga axloq tuzatish ishlari, oylik ish haqining ma’lum foizi davlat hisobiga o‘tkazish va ma’lum muddatga prokuratura organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinadi.
Aniqlanishicha, I.Kalonov o‘zganing mulkini aldash va ishonchini suiste’mol qilish yo‘li bilan M.Choriyevaning turmush o‘rtog‘i R.Jo‘rayevni og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotganini, uni tibiiy yo‘sindagi majburiy davolanish muassasasiga joylashtirib, keyinchalik qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasini o‘zgartirib, Toshkent viloyati sudining raisiga 15.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora berish evaziga ochiqqa chiqarib berishi haqida va’da berganmish.
Shu yerda yana bir savol tug‘iladi. Sud zalidan olingan video tasvirda M.Choriyeva I.Kalonovni birinchi marta ko‘rib turganligini, o‘rtada vositachi bo‘lgan A.Raimov I.Kalonov degan odamning otini aytmaganini, bu ismni hech qachon eshitmaganini, A.Raimov uning turmush o‘rtog‘ini qamoqdan qutqarib qolish uchun 15.000 AQSh dollari emas, balki 10 mln. so‘mmi yoki 20 mln. so‘mmi deb aytganini 2020 yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida tan oladi. Sudyaning o‘sha paytlari nega boshqacha ko‘rgazma bergansiz, degan savoliga «men muolaja olayotgan edim, tomchi dorida yotganimga qaramay tezlikda qo‘l qo‘ydirib olishdi, nimaga qo‘l qo‘yganimni ham bilmayman», deb javob beradi.
I.Kalonovning turmush o‘rtog‘i Z.Kalonovaning ko‘rsatmasida ham shunga o‘xshash holatni kuzatishingiz mumkin: «Sudda turmush o‘rtog‘imni olib kelishganda uning yuzlari qorayib, qorinlari shishib, ozib ketganini ko‘rdim. Sudda sudya mendan tergovda bergan ko‘rsatmangizni tasdiqlaysizmi deb so‘raganida, men turmush o‘rtog‘imga yaxshi bo‘ladi deb o‘ylab, tasdiqlashimni, ko‘rsatma noto‘g‘ri bo‘lsa-da tasdiqlashimni aytganman». E’tibor beringga, Z.Kalonova «ko‘rsatmam noto‘g‘ri bo‘lsa-da turmush o‘rtog‘imga yaxshi bo‘lishi uchun tasdiqlaganman», deb alohida ta’kidlayapti.
65 foiz jigarini otasiga bergan qiz
Muttasil kaltaklardan sog‘lig‘iga putur yetgan I.Kalonov 2013 yil oktyabr oyida Hindistonda jigar transplantatsiyasi, ya’ni 18 soatlik operatsiyani boshidan o‘tkazadi. Ana shunday qilib, I.Kalonov 2-guruh nogironiga aylanadi.
Donor topish, topilganda ham uzoq vaqt kutish, qolaversa, mablag‘ muammosi olijanoblik tufayli bir pasda yechim topadi. I.Kalonovning 21 yoshli talaba qizi Shahnoza otasi uchun jigarini beradi. Bu qizni hamma qarindoshlar o‘rtaga olib, balki keyin afsuslanishini, sog‘lig‘ini yo‘qotishi mumkinligini aytganida «otam uchun jigarimning hammasini berishga roziman», deydi.
Mana, 9 yildirki, ota-bola har yili bir bor Hindistonga borib ko‘rikdan o‘tib kelishadi. Bunga ketayotgan yo‘l va tibbiy ko‘rik xarajatlari alohida bir og‘riqli mavzu.
Otasi sudlangani tufayli ishga kirolmayotgan o‘g‘il
Laziz Botirov 14 yoshida maxsus xizmat odamlari onasini sochidan burab qo‘liga kishan taqayotganini ko‘rdi va onasi himoyasiga otlandi. Ammo onasini sochini tortib kaltaklayotganlar uni beliga tepib qo‘lini qayirib ushlab turishdi. Yosh bo‘lishiga qaramay, achchiq musibatning ta’mini totgan Lazizni bu ko‘rguliklar ichki ishlar sohasida ishlash orzuini kuchaytirsa kuchaytirdi, orzusidan qaytarolmadi. Huquq kollejini tugatgan Laziz omadi chopmay o‘qishga kirolmasa-da, shu sohada ishlash uchun bir necha bor urinib ko‘radi. Lekin uni hech qayerga ishga olmaydi, sababi otasi sudlangan degan gap.
Shu o‘rinda Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasidagi tantanali marosimda so‘zlagan ma’ruzalarida alohida ta’kidlaganidek: «Ma’lumki, davlat organlariga kadrlarni tanlashda eskidan saqlanib qolgan, qo‘shtirnoq ichidagi bir «tizim» mavjud edi. U ham bo‘lsa, yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bog‘liq. Bunday noma’qul yondashuv tufayli ko‘plab yoshlarimiz, malakali mutaxassislarimiz «beayb aybdor bo‘lib», yaqin qarindoshlarining qilmishlari uchun jabr tortib keldilar. O‘zingiz ayting, bu adolatdanmi? Mening fikrimcha, adolatdan emas. Nima sababdan bir jinoyat uchun butun bir avlod javob berishi kerak? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi kerak?»
General Botir Kalonov yaqinda 80 yoshni qoraladi. O‘g‘li Ixtiyor Kalonov oliy ma’lumot olib, ishga kirmoqchi bo‘lganida ishni oddiy kur’yerlikdan boshlashini, keyinchalik prokuror yordamchisi vazifalarini shahar markazida emas, Muborak tumani cho‘l hududlaridan boshlashni maslahat bergan.
Kur’yer, kanselyariya inspektori, prokuror yordamchisi bo‘lib ishlagan Ixtiyor Kalonov hech qachon o‘zi aytganidek «ishida qolish yoki mansabga ko‘tarilish uchun birovning burnini qonatish» haqida o‘ylamadi. Ba’zida oqimga qarshi suzishiga to‘g‘ri keldi.
Bugun Ixtiyor Kalonov bitta narsani istaydi: Haqiqat yuzaga chiqishini, jigarini otasiga bergan qizi Shahnoza, otasi deb orzu qilgan kasbida ishlay olmayotgan o‘g‘li Lazizbek va general otasi Botir Kalonov oldida yuzi yorug‘ bo‘lishini, oqlanishni istaydi. Zero, bugungi kun siyosati, sud-tergov sohasidagi islohotlar tufayli oqlanayotganlar qatori oqlanishni, yuzi yorug‘ bo‘lishini istaydi, haqiqat yuzaga chiqishini istaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter