Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud eskpertizasi Samarqand bo‘limi nega kengaytirildi – xalqaro tadbir bahonasidagi safar qaydlari

Sud eskpertizasi Samarqand bo‘limi nega kengaytirildi – xalqaro tadbir bahonasidagi safar qaydlari

Toshkentda o‘tgan «Xalqaro hamkorlikning sud ekspertizani takomillashtirish va rivojlashtirishdagi o‘rni» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning mantiqiy davomi sifatida, Samarqandga tashrif buyurgan anjuman ishtirokchilari Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining viloyat bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. 

BMT ning Giyohvandlik moddalari va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi va Adliya vazirligi, xususan Respublika sud ekspertiza markazi hamkorligidagi tadbirda Turkiya, Malaziya, Bolgariya, Hindiston, AQSh, Ozarbayjon, Qozog‘istondan kelgan mutaxassislar viloyatdagi bo‘limda qilinayotgan ishlar, yangi qadamlarni ko‘rdilar, xizmat turlari kengaytirilayotganiga guvoh bo‘ldilar.

Respublika sud ekspertiza markazini Samarqand viloyat bo‘limi 1964 yilda tashkil topgan, lekin, bo‘lim faoliyatidagi burilish nuqtasi boshlanganiga hali ko‘p bo‘lmadi, deydi Respublika Sud ekspertizasi Samarqand viloyat yetakchi sud eksperti Abdurashid Jo‘rayev.

«Sohani takomillashtirishga qaratilgan hukumat darajasidagi hujjatlar qabul qilinganda yangi manzilga ko‘chdik. Shunda yangi uskunalarni o‘rnatish, faoliyat turlarini kengaytirish uchun sharoit yaratildi. Ochig‘i, shu vaqtgacha Samarqandda Odam DNK si bilan bog‘liq labaratoriya bo‘lmagan. Vazirlar Mahkamasining 2022 yilgi qaroriga ko‘ra, o‘sha yilning iyunidan Samarqandda Odam DNK si sud-biologik  labaratoriyasi ishga tushdi» deydi Jo‘rayev.  Sud ekspertiza Samarqand bo‘limida, shuningdek, materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi labaratoriyasi ham faoliyat boshlagan. «Tovar xom ashyolarni kimyoviy ekspertiza qilish imkoni paydo bo‘ldi» deydi Abdurashid Jo‘rayev.

Nodira Fozilova, xatshunoslik va texnik eskpertiza yetakchi eskperti.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda, bo‘limda 15 turdagi ekspertiza o‘tkaziladi. Avtotexnika eskpertizasi, qurilish ekspertizasi, sud iqtisodiy, sud tovarshunoslik ekspertizalari hamda soxta pullar, texnologiya asosida muhri sun’iy tarzda «bosilgan» hujjatlarni o‘rganishga ixtisoslashgan kriminal-texnik eskpertiza kabi qator bo‘limlarda maxsus tayyorlangan mutaxassislar ishlayapti.

So‘nggi vaqtlarda ovozli dipfeyk xabarlar ko‘paygani barobarida internet messenjerlarga soxtalashtirilgan ovozlar jo‘nalishi ortidan oilalarda mojarolar chiqayotgani ham sir emas. Shundan, yangi yo‘nalish, ovozlarni aniqlashtiruvchi fonoskopik eskpertizaga ham ehtiyoj paydo bo‘lgan. Fonoskopiya sirlarini o‘rganish uchun xodim tayyorlanayapti. Yana qo‘shimcha qilish mumkin, yaqin kunlarda yong‘inlar bo‘yicha ekspertiza labaratoriyasi ham ishga tushishi kutilmoqda. 

Abdurashid akaning o‘zi iqtisodiy ekspertiza bo‘yicha ish olib boradi. Faoliyatiga oid misol keltirishini so‘raymiz. «Masalan, «tadbirkor» 800 dollarlik bank kreditlarini olib, mablag‘ning hammasini uskuna olishga deb chet elga o‘tkazgan. Kreditning foizi kam. Olib kelgan uskunalari narxi esa 100 ming dollarcha turadi. O‘shani bankka ko‘rsatib, qolgan pulni o‘zlashtirib yuborgan holatni aniqlab berayapmiz. Bunaqa hiylalar, afsuski, kam emas» deydi ekspert.

Xadicha Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza markazi mudiri Akram Xalilov insonlarning Konstitutsiya bergan huquqlarini himoya qilishda, jinoyatlarni oldini olish va fosh etishda eskpert tadqiqotlari natijalari muhim ekanini ta’kidlaydi. Soha takomillashtirilayotgani ana shu maqsadga qaratilgandir dedi u.

Akram Xalilov.

«Sud eskpertlarning kasb malakasini oshirish, sohadagi texnologiyalarni zamon talablariga moslashtirish va bevosita sud ekspertiza jarayoniga nodavlat sud eskpertlarni hamda advokatlarning ishtirokini ta’minlash orqali odil sudlovni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joylardagi, jumladan, Samarqand bo‘limidagi sharoit xalqaro standartlar darajasiga keltirilishi ham ezgu maqsadga qaratilgan. Shuncha sharoit yaratib berilayapti ekan, ekspertiza xodimi xato qilishga haqqi yo‘q, chunki bu insonnning  taqdiri bilan bog‘liq masala» dedi Akram Xalilov.

O‘zlashtirilgan mablag‘lar, soxtalashtirilgan hujjat va yasama valyutalar, qalbaki mahsulotlar, qurilishi normalarga muvofiq kelmagan binolar va hokazo masalalar bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha ichki ishlar bo‘limlari, sud, prokuratura aniq-tiniq xulosa chiqarar ekan, ularninng ko‘zga ko‘rinmas hamkori sud ekspertizasidir. Soha tadbirining xalqaro miqyosda ko‘lam olishi va hamkorlik haqidagi qator hujjatlarning imzolanishi,  jinoyatchilik geografiyasi kengayib borayotgani, bunga qarshi kurashda birgalikda ishlash muhimligini anglatadi.

Mustahkam Tangriyorova

P.S. «Xabar.uz»  respublika sud ekspertizasi Samarqand viloyat bo‘limi xatshunoslik, texnik ekspertizasi yetaksi eksperti Nodira Fozilova faoliyati haqida alohida lavha tayyorlamoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring