Sud tadbirkorni oqladi, mol-mulkini qaytarish to‘g‘risida hukm chiqardi, ammo nega mulklar qaytarilmayapti?
Bugungi islohotlar, so‘z erkinligi natijasida o‘tgan yillar davomida, ya’ni yaqin o‘tmishimizda tadbirkorlarning huquqlari poymol qilingani to‘g‘risida anchagina ma’lumotlarga duch keldik. Bugun sizlarni ana shunday tadbirkorlardan birining muammosi bilan tanishtiramiz. Ta’kidlashimiz shart, biz kimnidir yoki qaysidir tashkilotni qoralash niyatida emasmiz. Murojaat qiluvchining so‘zlari haqiqat ekanligini to‘liq tekshirib chiqishning ham endi imkoniyati yo‘q. Maqola va videolavha bor hujjatlarga hamda murojaat qiluvchining ko‘rsatmalariga asoslangan. Agar bu murojaatga javob tarzida ma’lumotlar kelib tushadigan bo‘lsa, ularni ham e’lon qilishga tayyormiz.
«Avvalambor, sizning qimmatli vaqtingizni olib yana bezovta qilayotganim uchun uzr surayman. Men, To‘lqin Zokirov, tadbirkorlikni 1994-yilda boshlab, 2012-yilga qadar yurtimga halol xizmat qildim. Qo‘limdan kelguncha ish o‘rinlari yaratib, insonlarga yordam berib kelayotgan edim. Aslida kimningdir ustidan shikoyat qilish niyatim yo‘q. Ammo menga nisbatan sobiq MXX xodimlari tomonidan (hozir ularning o‘ziga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan) tuhmat uyushtirilganligi va hozirga qadar buning jabrini ko‘rayotganim, men murojaatimda keltirgan qonuniy vajlarga nisbatan hanuz chora ko‘rilmayotganligi bois ilojim qolmayapti.
Gap shundaki, Toshkent shahrida 2 ta, Toshkent viloyatida 1 ta, Navoiy viloyatida 1 ta avtomobillarga yonilg‘i quyuvchi shoxobcham bor edi.
2011-yil oktyabr oyida o‘zlarini Milliy xavfsizlik xizmati xodimlarining vakillari deb tanishtirgan (ismlarini Ulug‘bek va Nurmamat deb tanishtirishgan edi, lekin ularning aynan shu xizmatda ishlashi haqida dalilim yo‘q) kelib, mendan 500 000 (besh yuz ming) AQSh dollari talab qilishdi. Ularga menda buncha pul yo‘qligini bildirib, shoxobchalarimni bank krediti asosida olganim va hozir bankdan katta miqdorda qarzim borligini ta’kidlaganman.
Shundan so‘ng ular meni 2011-yil 22-noyabr kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga chaqirtirishib, go‘yoki pasportim yo‘qligi sababli avvaliga Yunusobod tuman sudiga olib borishdi. Keyin shaxsi aniqlanmagan kishi sifatida ichki ishlar boshqarmasiga qarashli huquqbuzarlarni vaqtincha ushlab turish bo‘limiga olib borib, 15 kunga qamab qo‘yishdi. U yerda boshimdan kechirganlarim alohida mavzu...
Oradan 10 kun o‘tgach meni Mirobod tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borishdi. 10 kun ichida menga hatto uyga qo‘ng‘iroq qilib olishim uchun ham ruxsat berilmagan. U yerda meni O‘rinboyeva Nodira ismli leytenant tergov qildi va uyimga qo‘ng‘iroq kilishga ruxsat berdi. Buning uchun undan chin ma’noda judayam katta minnatdorman.
Shundan so‘ng 9 oy davomida MXX tezkor vakili mayor J.R., Toshkent shahar MXX vakili H. ismli xodim va Yunusobod MXX tezkor vakili Sh. ismli mayor mendan pul talab qilib, agar aytgan pullarini bermasam, boshimga bundan battar savdolar tushishini aytib qo‘rqitishdi. Mendan pul ololmagach, mansab vakolatlaridan foydalangan holda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga bosimni kuchaytirishdi. Ular menga qilgan tuhmatlar ichida tajovuz qilish, firibgarlik, o‘g‘irlik, soliqdan qochish, noqonuniy daromadni legallashtirish kabi uydirmalar bor edi.
Ushbu jinoyatlarni isbotlash jarayonida birorta ham dalil yoki qonuniy asos bo‘lmasa-da, sud jarayonida sobiq MXX xodimlari tomonidan tazyiq o‘tkazilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudining 2013-yil 17-may kung hukmi bilan menga Jinoyat kodeksining bir qancha moddalariga asosan uzil-kesil 3 yil muddatga rahbarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 600 barobari — 47 754 000 so‘m miqdorida jarima hamda 12 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangandi.
O‘sha vaqtda mening «O‘zsanoatqurilishbank»dan 800 mln. so‘mdan ortiq qarzim bor edi, hozirga qadar qiynalib yurgan bo‘lsam-da, ushbu qarz mening zimmamda turibdi. Sud hukmi bilan mol-mulkim davlat xisobiga musodara qilingandan so‘ng turmush o‘rtog‘im Dilrabo Zokirova 2013 yil 20 avgust kuni da’vo arizasi bilan oilaga tegishli bo‘lgan mulkning bir qismini qaytarshni so‘rab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga murojaat qilgan. Ammo sud 2013 yil 6 noyabr kuni arizani ko‘rib chiqishni rad etadi. Shundan so‘ng turmush o‘rtog‘imning fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga 2013 yil 24 noyabr kuni topshirgan apellyasiya shikoyati 2014-yil 7-yanvar kuniga qoldiriladi.
Lekin sud hukmi chiqmasdan turib, taqiqda turgan AYoQShlar o‘sha paytda N. ismli Zangiota tumani sud ijrochilari bo‘limi boshlig‘i hamda R. ismli Yunusobod tumani sud ijrochilari bo‘limi boshlig‘i tomonidan sotib yuboriladi.
Qamoqda o‘tgan biror kunimni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman! Qamoqdaligimda kontrakt puli to‘lanmagani uchun tibbiyot institutida o‘quvchi qizim o‘qishdan chetlashtirildi, oilam juda og‘ir kunlarni boshdan kechirdi. Katta armonim shuki, menga kuyikkan onam vafot etdi, menga onajonimni so‘nggi yo‘lga kuzatish nasib qilmadi...
2014-yil 26-dekabrda ozodlikka chiqdim. Ozodlikka chiqqan bo‘lsam-da, o‘sha MXXda ishlab turgan H. menga nisbatan bosimni kuchaytirdi. Men Rossiyaga ketishga majbur bo‘ldim va u yerda ikki yil yashab, H. Qoraqalpog‘istonga ishga yuborilgandan keyin yurtimga qaytib keldim.
Prezidentimizning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlari tufayli huquqiy sohada bir qancha islohotlar amalga oshirilgach, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudining 2017-yil 13-noyabrdagi hukmi bilan aybsiz deb topilib, ish bo‘yicha jinoiy xodisa yuz bermaganligi sababli to‘liq oqlandim!
Tergov organlarining asossiz ayblovlari va sud idoralarining noto‘g‘ri hukmlari asosida tadbirkorlik faoliyatimga to‘sqinlik qilindi. Hech bir asossiz ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqdim, halol ishlab topgan mol-mulkimdan ayrildim. «O‘zsanoatqurilishbank»dan AYoQShlarni xarid qilish uchun olgan kreditlar bo‘yicha qarzdor bo‘lib qoldim.
Bank bilan birga haqiqatni izlab 4 yil ichida bir necha marta Oliy sudgacha yozgan shikoyatlar evaziga jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasi 2018-yil 5-yanvar kuni ish bo‘yicha adolatli qaror qabul qildi.
Sud ajrimiga ko‘ra men rahbarlik qilgan:
- «Qo‘yliq oil servis» MChJga tegishli, Toshkent viloyati Zangiota tumani «Hasanboy» QFY THAYda joylashgan AYoQSh;
- «ZTE petrolium» MChJga tegishli, Toshkent shahri Yunusobod tumani 17-mavzeda joylashgan AYoQSh;
- Toshkent shahar Sergeli tumani Qo‘yliq mavzesi Qumqo‘rg‘on ko‘chasi 1-uyda joylashgan AYoQSh binolari menga qaytarilishi belgilandi.
Mazkur sudning ajrimi ijro etish uchun Toshkent tumani, Toshkent shahar Sergeli tumani va Yunusobod tumani majburiy ijro byurolariga yuborildi.
Ammo bugungi kunga qadar ijro masalasi hal qilingani yo‘q!
Chunki yuqorida ko‘rsatilgan MIBning mas’ul xodimlari har xil bahonalar bilan ijroni amalga oshirishdan bosh tortib, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 46-moddasida ko‘rsatilgan majburiy ijro etish choralarini ko‘rmasdan kelishmoqda.
Bugungi kunda yurtimiz ijtimoiy-siyosiy va huquqiy hayotida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, O‘zbekiston prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi 4850-farmonida murojaatlarni o‘z vaqtida hal etish, buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muhim vazifalari ekanligi qayd etilgan. Shuningdek, 2016-yil 5-oktabrdagi 4848-farmonida davlat organlari, eng avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalardan o‘z faoliyatida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilini so‘zsiz amalga oshirish talab etilgan.
Ammo MIBning mas’ul xodimlari aslida AYoQShlarda ishlab turganlarni fuqarolik tartibida ko‘chirish kabi vajlarni bahona qilib mulklarni olib berishmayapti, vaholanki, sud qarorida mulklarning qaytarilishi belgilangan.
Nima uchun men jinoyat ishlari bo‘yicha sudning hukmiga asosan musodara qilingan mulklarimni sud qarori mavjud bo‘lsa-da, yana fuqarolik tartibida hal etishim kerak? Hech kimga sir emaski, bir muddat muqaddam sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining ayrim nopok xodimlari noqonuniy reyderlik bilan shug‘ullanar edi. Bugungi kunda bunga chek qo‘yilgan bo‘lsa-da, bunday «faoliyatni» boshqa tashkilotlar amalga oshirishga urinmayaptimi? Bosh prokuratura huzuridagi MIB ishni asossiz tuxtatib ko‘ygan va buning sababini bildirmayapti. Qachon davlat idoralari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni to‘liq bajaradi?! Bu savol hanuz javobsiz qolmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi to‘g‘risidagi nizomning 2-bobida byuroning asosiy vazifalari va funksiyalari keltirilgan. Unga ko‘ra quyidagilar byuroning asosiy vazifalari hisoblanadi: sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish.
Nega oddiygina kommunal to‘lovdan qarzdorlikni undirishda MIB xodimlari bunchalar faollik ko‘rsatishadi-yu, mening sud hukmi bilan qaytarilishi kerak bo‘lgan mulkim yuzasidan ijroda paysalga solish, sansalorlik kuzatilmoqda?
Men ilgari ham shu kabi arizalar bilan murojaat qilgan edim, ammo arizalarim qaytib MIBga yuklatilib, ushbu byuroning mas’ul xodimlari arizamni ijobiy hal qilib bermasdan, menga qaytarilishi lozim bo‘lgan mulkni pul shaklida bermoqchi ekanligini yozma tarzda bayon qilishdi. Vaholanki, menga nisbatan sudning oqlov hukmi chiqarilgan. Mazkur hukmga asosan menga nisbatan barcha xuquqiy oqibatlar bartaraf etilishi va yetkazilgan zararlar to‘liq holda qaytarilishi kerak.
Bugungi kunga qadar mening ishim yuzasidan Bosh prokuratura va Oliy sud xususiy protest keltirishni ro‘kach qilib kelishmoqda. Vaholanki, qonun talablariga ko‘ra ular ish bo‘yicha uchinchi tomon bo‘lib protest keltirish huquqiga ega emas.
Ishga to‘sqinlik qilish maqsadida protest keltirayotganlar aslida ushbu AYoQShlarni bundan bir necha yil oldin sotib olgan va hozirgi kunda huquqni muhofaza qilish tashkilotida xizmat qilayotgan shaxslarning manfaatini himoya qilayaptilar.
Sir ochilmasligi uchun bugungi kunda ular o‘z vakolatidan foydalanib, sud ishiga aralashmoqdalar. Chunki men 4,5 yilda bank bilan o‘z mulkimni qaytarib olishga harakat qilib, shunga erishdim. Boshqalar esa bir kunda ishning nazorat tartibida O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishiga erishdilar. Bu holat ham mazkur ishga yuqori lavozimdagi mansabdorlarning aralashganidan dalolat bermaydimi?
Sud tomonidan ish qayta ko‘rib chiqilgan taqdirda, Bosh prokuratura huzuridagi MIBning taqdimnomasiga asosan (MIB tomonidan menga yuborilgan xatda shu holat aytib o‘tilgan) menga noqonuniy ravishda tortib olingan AYoQShlarning puli qaytariladi. Aslida qonun doirasida sud hukmi e’lon qilingandan so‘ng MIBning hukmga zid ravishda taqdimnoma keltirishga haqqi yo‘q. Sudning dastlabki hukmida mol-mulkning puli emas, balki o‘zi qaytarilishi belgilangan.
Shu bois sizga murojaat qilishga majburman. Masalaning qonuniy yechimini topishga yordam berishingizni so‘rayman. Toki, O‘zbekistonda qonun ustuvorligini amaldorlar ham bilib qo‘ysin. Bu xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytiradi.
Hurmat bilan To‘lqin Zokirov, tadbirkor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter