Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud uch nafar «gashish» tashuvchiga hukm chiqardi

Sud uch nafar «gashish» tashuvchiga hukm chiqardi

Foto: «Xabar.uz»

Buxoroda «gashish»dan tirikchilik qilib kelgan uch shaxs qamaldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi raisi Bobir Umarov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Surxondaryolik fuqaro O.T. hamda T.T. Buxoro shahrilik I.Ch. bilan bir-birlari «gashish» giyohvandlik vositasini o‘tkazishib turishgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, joriy yil boshida O.T. hamshahri T.T.ga polietilen paket o‘ramiga joylashtirilgan sof vazni 55 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi «gashish» giyohvandlik vositasini naqd 1000 AQSh dollar evaziga sotgan. T.T. esa yirik miqdordagi bu vositani o‘z «mijozlariga pullab, hissasini o‘n chandon ortig‘i bilan chiqarib olgan.

Shundan so‘ng, oradan ikki oycha vaqt o‘tib, O.T. fuqaro T.T.ga yana 3 o‘ramli 34,05 grammga teng bo‘lgan vositani 700 AQSh dollar va 700.000 so‘m evaziga sotishga uringan. Ayni shu paytda, Buxoro viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida T.T. ushlanib, xatti-harakatlari tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Sud tergov jarayonlarida o‘zaro til biriktirgan holda uyushgan jinoyatchilikka qo‘l urgan ikkovlonning kirdikorlari fosh bo‘la boshlagan. Surishtiruv ishlari davomida sudlanuvchi T.T. orada uchinchi shaxs borligini ham aytishga majbur bo‘lgan. Aybdorning so‘ziga ko‘ra, ularni Buxoro shahrilik tanishi I.Ch. ham qo‘llab-quvvatlab turgan. I.Ch. ulardan olgan giyohvand vositani ikki nafar begona fuqaroga pullagan. Birinchi fuqaroga 14,81 gramm va keyingi fuqaroga 30,37 grammga bo‘lgan ko‘p miqdordagi «gashish»giyohvandlik vositasini o‘tkazgani aniqlangan.

Har uch aybdor ham bir-biri bilan doimiy aloqada bo‘lib, ko‘plab giyohvand moddalar oldi-sottisi bilan shug‘ullanib kelishgan.

Sud hukmiga ko‘ra, O.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi qo‘llanilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, T.T. 6 yil muddatga,  I.Ch. esa 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ular tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘lishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring