Sudyalar oliy kengashi faoliyatini tugatgan blogerlar haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Sudyalar oliy kengashi Qashqadaryoda bitta sayt va besh nafar bloger faoliyatini tugatilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Kengash matubot xizmati munosabatida «blogerlarning qarori taassuf bilan qabul qilgani» ta’kid etilib, ularning bunday to‘xtamga kelishiga go‘yoki sudlardagi adolatsizliklar sabab qilib ko‘rsatilayotganiga qo‘shilib bo‘lmasligi bildiriladi.
«Faoliyatini tugatishga qaror qilgan blogerlarning uch nafari sud tomonidan ma’muriy huquqbuzar deb topilib, jazoga tortilgani bor gap. Biroq bu – qaror qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q, degani emas. Sud qaroridan norozi taraf belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Shikoyat yuqori sud instansiyasida ko‘rib chiqilishida hech qanday muammo yo‘q» — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, « ...Faoliyatini tugatish yoki tugatmaslik har kimning shaxsiy qarori, albatta. Ammo qonunda belgilangan tartib, shikoyat qilish huquqidan foydalanmay sudlar va sudyalar faoliyatiga bildirilayotgan e’tirozlar tizim haqida keng jamoatchilikda noto‘g‘ri tasavvur shakllanishi ehtimolini paydo qilayotganiga» urg‘u beriladi.
Bundan tashqari jamiyat hayotida jurnalist va blogerlarning alohida o‘rnini e’tirof etgan holda Sudyalar oliy kengashi ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan izchil konstruktiv muloqot o‘rnatishga ustuvor vazifa sifatida qarashini ham bildirib o‘tgan.
Yakunda esa «ushbu munosabatni blogerlarga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari qonuniy ekani xususida Kengash xulosasi yoki shikoyat keltirilgan taqdirda ular (sud qarorlari) yuqori sud instansiyasida o‘zgartirilishi yoxud bekor qilinishiga kafolat sifatida talqin etmaslik so‘raladi, chunki, sud qarorlari qonuniyligiga faqat yuqori instansiya sudi huquqiy baho berish vakolatiga ega», — deyiladi Kengash matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter