Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorni javobgarlikka tortishga va undan ortiqcha bojxona to‘lovi undirishga urinishdi, lekin...

Tadbirkorni javobgarlikka tortishga va undan ortiqcha bojxona to‘lovi undirishga urinishdi, lekin...

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ro‘yxatdan o‘tgan «Sardor» (nomi o‘zgartirilgan) xususiy korxonasi o‘ziga nisbatan bojxona organi tomonidan noqonuniy ma’muriy bayonnoma tuzilgani va salkam 70 mln so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lashni talab qilayotganidan hamda adolatsiz sud qarorlaridan norozi bo‘lib Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga murojaat qildi.

Aniqlanishicha, tadbirkor 2022 yilda BAAdagi tadbirkorlik sub’yekti bilan neft mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha bitim tuzgan va O‘zbekistonga tovar yetib kelgandan so‘ng bojxona to‘lovlarini to‘lab, import tovarni ichki bozorda realizatsiya qilgan.

Oradan bir yil o‘tgandan so‘ng Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi go‘yoki bojxona to‘lovi kam to‘langanini vaj qilib, tadbirkordan 69,5 mln so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lash haqida talabnoma yuboradi.

Bundan tashqari, tadbirkor go‘yoki bojxona organiga to‘lov miqdorini kamaytirish uchun asos bo‘ladigan noto‘g‘ri ma’lumot taqdim qilganlikda ayblanib, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudiga oshiriladi va sud tomonidan ish bir tomonlama ko‘rib chiqilib, tadbirkorga MJTKning 227-25-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi. Bu qarorni Qashqadaryo viloyat sudi ham o‘zgarishsiz qoldiradi.

Biroq Biznes-ombudsman devoni xodimlari ko‘magida quyi sud qarorlariga nisbatan Oliy sudga shikoyat kiritildi. Shikoyat 2024 yil 7 mayda Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilib, quyi sudning adolatsiz qarorlari bekor qilindi va tadbirkorga qo‘llangan jarima undirilmaydigan bo‘ldi.

Tadbirkor tomonidan 69,5 mln so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lash haqida talabnomaga esa e’tiroz bildirilgan va shu sababdan bojxona organi Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga shu summani undirish haqida da’vo arizasi kiritilgan. Birinchi instansiya sudi tadbirkorni chaqirmasdan va uning vajlarini tinglamasdan da’voni qanoatlantirgan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimlari ko‘magida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga nisbatan Qashqadaryo viloyati sudiga shikoyat kiritildi va tadbirkorning huquqlari himoya qilindi.

Murosasiz o‘tgan bir necha sud majlislaridan so‘ng tadbirkor tomonidan bojxona to‘lovlari to‘langanligi, 69,5 mln so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lashni talab qilish noqonuniy ekanligi isbotlandi.

Viloyat sudining 2024 yil 7 maydagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilindi, Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasining da’vo arizasini qanoatlantirish rad qilindi va tadbirkor 69,5 mln so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lamaydigan bo‘ldi.

Murojaati qanoatlantirilgan tadbirkor o‘z huquqlarini himoya qilish uchun harakat qilsa tiklash mumkin ekanligiga ishonch hosil qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring