Termizdagi voqea yuzasidan Bosh prokurorga taqdimnoma kiritildi – Sudyalar oliy kengashi
«Effect.uz» sayti xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani sudi faoliyatiga oid lavha yuzasidan Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati bayonot berdi.
«Lavhada aks etgan «Effect.uz» xodimlarining sud raisi xizmat xonasiga bostirib kirib, sud majlisida ishtirok etish va jarayonni tasvirga olishni o‘ta qo‘pol tarzda talab qilishi jurnalist odobiga zid xatti-harakat, sud mustaqilligi va sudya daxlsizligiga ochiqdan ochiq tajovuz va hurmatsizlik», deyiladi bayonotda.
Shuningdek, kengash matbuot xizmatining qayd etishicha, jurnalist yoki blogerlarning ochiq sud majlisida ishtirok etishiga monelik yo‘q. Biroq, protsessual qonunchilik talabiga ko‘ra, sud jarayonini tasvirga olinishiga ruxsat berish (taraflarning fikrini inobatga olgan holda) sud majlisiga raislik etuvchi tomonidan hal etiladigan masala.
«Holat bo‘yicha tuzilgan material yuzasidan surishtiruv olib borilayotgan bir paytda «Effect.uz» xodimlari bir tomonlama talqin etilgan ikkinchi lavhasini ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etadi.
Bu surishtiruv ishlariga ta’sir o‘tkazish, sudlar faoliyati va sudyalar daxlsizligiga hurmatsizlik hamda jurnalist tomonidan bugungi ochiqlik siyosatini hamda o‘z vakolatini suiiste’mol qilishdan boshqa narsa emas.
Shunga ko‘ra, holatga huquqiy baho berish so‘rovi bilan Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan O‘zbekiston Bosh prokuroriga nomiga taqdimnoma kiritildi.
Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi», deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati holat yuzasidan bayonot bergandi. Unda ish prokuraturaga oshirilgani qayd etilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter