Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent, Namangan va Qashqadaryoda poraxo‘rlar ushlandi

Toshkent, Namangan va Qashqadaryoda poraxo‘rlar ushlandi

Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekistonning turli hududlarida korrupsiyaga oid bir qator jinoyatlar fosh qilingani haqida xabar berdi.

Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi sud tizimidagi tanishlari orqali joriy yilning yanvar oyida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumning ishini sudda qayta ko‘rib chiqish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni tayinlash evaziga 30 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IJQK Departamenti xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis oldindan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur mutaxassis firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun muqaddam bir necha marotaba sudlangan.

Viloyatda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda, mol-mulklarni baholash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari soliq organlaridagi mansabdor tanishlari orqali tadbirkorga tegishli bo‘lgan MChJning 783 mln so‘mlik soliq qarzdorligini 141 mln so‘mgacha kamaytirib berish evaziga 4 400 AQSh dollari olgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mansabdorning tanishi hisoblangan Namangan viloyati soliq boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i ham 4 400 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ushlangan.

Poytaxtda qayd etilgan holatda, Mirobod tuman hokimligi Ijtimoiy moslashtirish markazi rahbari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga fuqarolik pasportini rasmiylashtirish hamda doimiy ro‘yxatga qo‘ydirib berish evaziga 1 200 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Qashqadaryo viloyatida esa Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi davlat ijrochisi o‘z ish yurituvida bo‘lgan, javobgar fuqaroning qariyb 70 mln so‘mlik qarzdorligini undirish uchun uning avtotransport vositasiga qo‘yilgan taqiqni yechib berish evaziga 1 000 AQSh dollari talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, davlat ijrochisi talab qilingan pulni Qarshi tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari vositachiligida pora sifatida olgan vaqtida ushlangan.

Yuqoridagi shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring