Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdagi 1-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotganlar soni me’yordan oshgan — Bolalar ombudsmani

Toshkentdagi 1-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotganlar soni me’yordan oshgan — Bolalar ombudsmani

Foto: Bolalar ombudsmani matbuot xizmati

Bolalar ombudsmani navbatdagi monitoring tashrifi bilan Toshkent shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasida bo‘lib, muassasada saqlanayotgan voyaga yetmaganlar sharoitlarini ko‘zdan kechirdi.

Xususan, voyaga yetmaganlar kameralaridagi sharoitlar belgilangan standartlarga mosligi, ularning yotog‘i, ovqatlanishi, saqlanishi sharoitlari hamda sog‘lig‘ini saqlash bilan bog‘liq talablarning ta’minlanishi darajasi o‘rganildi.

Foto: Bolalar ombudsmani matbuot xizmati

Monitoring davomida jinoyat ishi tergov va sud bosqichida ekanli yuzasidan hibsxonada saqlanayotgan voyaga yetmaganlar bilan jamoaviy suhbat, bir nechtasi bilan esa alohida individual muloqot qilinib, tergov va sud jarayonlarida ularning protsessual huquqlari qay darajada ta’minlangani hamda muassasada ularga qilinayotgan muomalaga doir fikrlari tinglandi.

Jumladan, bolalar tergov davrida protsessual buzilishlarga yo‘l qo‘yilgani, advokat tomonidan malakali yuridik xizmat ko‘rsatilmagani holatlari haqida bildirdi.

Foto: Bolalar ombudsmani matbuot xizmati

Bolalar ombudsmani voyaga yetmaganlarning ushbu murojaatlarini tegishli tartibda o‘rganishni boshladi. Hibsxonada voyaga yetmaganlar uchun kutubxona, sport maydonidan tashqari tibbiy muolaja kabinetlari — stomatologiya, rentgen, UTT (ultratovush tekshiruvi) xonalarida shifokorlarning zaruriy tibbiy xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

Foto: Bolalar ombudsmani matbuot xizmati

Shuningdek, muassasada mahbuslar onlayn xaridi uchun maxsus elektron moslama o‘rnatilgan bo‘lib, ular o‘zlariga kerakli bo‘lgan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini buyurtma asosida xarid qilish imkoniyati ham yaratilgan.

Shu bilan birga, o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar soni belgilangan me’yordan oshgan bo‘lib, bu mahbuslarni saqlash sharoitlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Foto: Bolalar ombudsmani matbuot xizmati

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar kameralarida qator kamchiliklar aniqlanib, xususan, aksariyati ta’mirtalab ahvolda ekani, kameralar ichidagi ayrim jihozlar saqlanayotganlarning soniga mos ravishda emasligi ma’lum bo‘ldi.

Monitoring jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan yuqori turuvchi mutasaddi organlarga Bolalar ombudsmanining tegishli ta’sir hujjatlari kiritiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring