Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tungi reyd noqonuniy baliq ovini aniqladi

Tungi reyd noqonuniy baliq ovini aniqladi

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan noqonuniy baliq ovlanishini oldini olish maqsadida Quyi Chirchiq tumani hududida tungi ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Reyd davomida tumanning Qo‘rg‘oncha MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining oqim bo‘ylab chap qirg‘og‘ida elektr qarmoq yordamida noqonuniy usulda baliq ovlayotgan holat aniqlandi.

Davlat inspektorlarining aniqlik kiritishicha, huquqbuzarlikni Quyi Chirchiq tumani Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi fuqarolar Sh.A. va A.I.tomonidan sodir etilganligi ma’lum bo‘ldi. Huquqbuzarlarga tegishli narsalar ko‘zdan kechirilganda 1 dona elektr qarmoq, 1 dona rezina qayiq, 1 dona akkumulyator va 86 dona har xil turdagi baliqlar (shundan 80 tasi tovon balig‘i, 2 tasi sog‘ara balig‘i, 4 tasi oq baliq) hamda 1 dona suv kalamushi (ondatura) borligi aniqlandi.

Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 28 628 000 so‘mni tashkil etdi. Fuqarolarga nisbatan MJtKning 90-moddasi 4-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib tegishli tartibda hujjatlar sud organlariga yuboriladi.

Daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan baliqlar davlat inspektorlari tomonidan Chinoz tumanida joylashgan 4-sonli maktab internatiga topshirildi, deb xabar bermoqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring