Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi uy olayotganlar bilishi kerak bo‘lgan muhim jihatlar

Yangi uy olayotganlar bilishi kerak bo‘lgan muhim jihatlar

O‘zbekistonda, afsuski, noqonuniy qurilish qilayotgan tadbirkorlar va yangi ko‘p kvartirali uy quraman deb bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotganlar ham tez-tez uchramoqda. Qurilishi hali bitmagan yoki umuman boshlanmagan uylardan kvartira sotib olishda nimalarga e’tibor berish kerak? Bu haqda Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Elyor Komilov tushuntirish berdi.

Bilish kerak!

O‘zbekistonda ulush kiritish asosidagi uy-joy qurilishlari ko‘payib bormoqda. Bu borada xaridorlar bilishi kerak bo‘lgan ayrim jihatlar mavjud.

Uy sotib olayotgan fuqaro xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan uyning Qurilish vazirligi Elektron platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligini tekshirishi kerak. Buning uchun uy olmoqchi bo‘lgan fuqaro ushbu havola orqali qurilayotgan uyning ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirishi kerak. Bu havola orqali hamma uchun ochiq bo‘lgan majmua nomi, quruvchi tashkilot nomi manzili va shu kabi ma’lumotlarni olish mumkin.

Qurilish tashkilotilari qay tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi?

Qurilish tashkiloti qurilayotgan uyning ma’lumotlarini elektron tartibda platformaga yuklaydi va ma’lumotlar vakolatli organning mas’ul xodimi tomonidan 3 ish kunida, agar barcha hujjatlari to‘liq bo‘lsa, bir kun ichida ko‘rib chiqilib, ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Elektron ro‘yxatga kiritish uchun quruvchilardan eng avvalo, ko‘p kvartirali uylarni qurish uchun belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasi va qurilish ishlarini amalga oshirishga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar talab etiladi. Shuningdek, qurilish majmuasiga kiradigan ko‘p kvartirali uylar va boshqa qurilish obyektlari qiymatining 20 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda o‘z moliyaviy resurslari yoki mazkur mablag‘larga yoxud uning yetishmayotgan qismiga kredit ajratish haqida bank kafolat xati ham zarur hisoblanadi. Keyingi talablar qurilish majmuasi uchun loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi hamda texnik, mualliflik nazorati va davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tegishli shartnomalar tuzilganligi bo‘yicha hujjatlarni ham taqdim etadi. Va albatta, ulushdorlar tomonidan kiritilgan mablag‘larni jalb qilish uchun tijorat bankida alohida hisob varaq ochilganligi eng muhim jihatlardan biridir.

«Ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish chora-tadbirlari haqida»gi PQ-4732-son qarorga asosan tashkil etilgan elektron platforma ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish bozorini tartibga solish, uy xarid  qilayotgan fuqarolarni maksimal darajada xavflardan himoyalash maqsadida faoliyat olib bormoqda. Ro‘yxatdan o‘tgan qurilish tashkilotlari yuqorida ko‘rsatilgan talablarga asosan qurilish jarayonini olib borayotgan bo‘ladi.

Qurilish davomida fuqarolar mablag‘larini jalb qilayotgan qurilish tashkilotlari Elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tishi shart. Ro‘yxatdan o‘tmasdan turib qurilish ishlariga fuqarolarning mablag‘larini jalb qilish mumkin emasligi belgilangan hamda Elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish tashkilotlari qurayotgan ko‘p qavatli turar joy majmuasini reklama qilishi hamda ulushdorning mablag‘larini qurilishga jalb qilishi mumkin emas.

Qurilish ishlari tugallangan uylar egalariga topshirilgandan keyin kamida 2 yil davomida qurilish obyekti ekspluatatsiyasining kafolat muddatini amalga oshirib boradi.

Shuningdek, qarorga asosan ulushdor fuqarolar quyidagilarni:

- qurilish obyektidagi qurilish ishlari holati bilan tanishishga;

- shartnoma shartlari bajarilishi bo‘yicha quruvchidan yozma shaklda ma’lumot talab qilishga;

- qurilish obyektlarini qurish ustidan texnik, jumladan, mablag‘larning maqsadli ishlatilishi ustidan nazoratni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik shaxslarni yoki mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshirishga haqlidir.

Qurilish ustidan davlat nazorati: Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi  hamda tegishli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilib boriladi.

Ko‘p kvartirali uy-joylarni ulush kiritish asosida qurayotgan qurilish pudrat tashkilotlari yuqoridagi qarorga asosan faoliyat olib borishlari lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring