Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Andijonneft» boshqaruvi raisi: «Noldan — 1 milliongacha. Andijonni ikki yilda o‘zimizda chiqadigan gaz bilan to‘liq ta’minlamoqchimiz»

«Andijonneft» boshqaruvi raisi: «Noldan — 1 milliongacha. Andijonni ikki yilda o‘zimizda chiqadigan gaz bilan to‘liq ta’minlamoqchimiz»

«Andijonneft» AJ boshqaruvi raisi Jaloliddin Bekmuradov Xabar.uz  savollariga javob berib o‘tdi. Mutasaddining ta’kidlashicha, ayni vaqtda Andijon aholisi ehtiyojining atigi to‘rtdan bir qismi mahalliy gaz hisobiga ta’minlanmoqda. Gaz qazib olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar evaziga yaqin ikki yil davomida aholi to‘liq gaz bilan ta’minlanishi kutilmoqda.

— Andijon ahlining kundalik gazga bo‘lgan ehtiyoji qish mavsumida 5 million metr kub atrofida. Bugungi kunda «Andijonneft» AJ tomonidan 600-650 ming metr kub gaz qazib chiqarilmoqda va to‘lig‘icha aholiga yetkazib berilyapti. Agar, gaz qazib olish hajmini shu tahlit o‘sishda davom ettirsak, yaqin ikki yilda viloyat aholisining gazga bo‘lgan ehtiyojini o‘zimizdagi gaz konlarida qazib chiqariladigan gaz evaziga to‘liq qoplash mumkin bo‘ladi.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni ko‘paytirish uchun budjetdan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi aytildi. Bu shubhasiz, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning yanada jadal rivojlanishiga zamin yaratadi.

Andijon aholisining gazga bo‘lgan talabi qish oylarida 5 million kub metrga yetadi, ammo yozda 600-700 ming kub metrga tushadi. Bunday vaqtda gaz qazib olish hajmi kamaytirilmaydi, balki Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi yer osti gazni saqlash majmuasiga yo‘naltiriladi. Bu majmua viloyat extiyojini qoplash uchun yetarlicha gazni saqlash imkoniyatiga ega. Mavjud zaxira qish oylarida aholiga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Andijonda neft va gaz yo‘nalishidagi faoliyatni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2017 yilga qadar gaz umuman qazib olinmagan, balki barcha kuchlar faqat neft qazib olishga yo‘naltirilgan bo‘lgan. Hatto, oldingi paytlarda burg‘ulanayotgan joydan gaz chiqqan taqdirda ham, bunday quduqlar yopib tashlangan va boshqa joyda qazish ishlari davom ettirilgan. Buning boisi bir tarafdan gaz yetkazib berishga ustuvorlik berilmagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan gaz qazib oladigan mutaxassislar yetarli bo‘lmagan. Bugungi kunda mutaxassislarimizning gaz qazib olish sohasida malakasini doimiy ravishda oshirib borish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.

2017 yilda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan uglevodorod xom ashyosini qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha muhim qarorning qabul qilinishi gaz qazib olish masalasiga e’tibor kuchayishiga va burg‘ulash ishlarining jadallashishiga xizmat qildi. Natijada, yangi gaz qatlamlari topildi, eskilarini ta’mirlash orqali gaz olish sur’atlari keskin oshirila boshlandi. 2017-2018 yillarda kuniga o‘rtacha 50 ming kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, 2019 yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkichning 15 barobar oshirilishiga erishilib, 650 ming kubga yetkazildi. Bugungi kunda Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 14 ta quduqda gaz qazib olinmoqda.

Albatta, bu borada yana bir qator muhim chora-tadbirlarni rejalashtirib qo‘yganmiz. Hozirda yangi quduqlarimiz gaz olishga tayyor bo‘lib turibdi. Nasib qilsa, ularni ishga tushirsak, 1 oy ichida gaz qazib olishni sutkasiga 1 million kub metrga yetkazishga erishamiz, — deydi Jaloliddin Bekmuradov.

Eslatib o‘tamiz, bugun Andijon viloyatida yangi gaz qudug‘i ishga tushirilishi kutilmoqda. Xabar.uz gaz konlari ochilishidan reportaj uyushtirishni rejalashtirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring