Cho‘l o‘rtasidagi sanoat shahri

O‘tgan hafta jurnalist va blogerlar G‘uzor tumanida (Qashqadaryo) qurilayotgan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan unikal UzGTL zavodining qurilish jarayonlari bilan tanishib qaytdi. Cho‘l o‘rtasida ulkan sanoat shahri bunyod etilmoqda. Bu kabi zavod dunyoda sanoqli davlatlardagina bor xolos.
Majmua hududiga kirib kelgandayoq issiq havo haroratini his qildik. Mutaxassislar esa tinmay mehnat qilyapti. Ish avjiga chiqqan vaqtda bu yerlarda 12 mingdan ortiq mutaxassis ishlagan va buning uchun 800 dan ortiq uskunalar jalb qilingan ekan.
Qurilish-montaj ishlariga oid bir nechta savollar berdik va yetarli javoblarni oldik. Loyihaning buyurtmachisi «Uzbekistan GTL» MChJ («Oltin Yo‘l Gtl» savdo belgisi), ta’sischisi «O‘zbekneftegaz» aksiyadorlik kompaniyasi ekan. Bundan asosiy maqsad tabiiy gazni chuqur qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, uglevodorod xomashyosi importini qisqartirish, mamlakatning sifatli va ekologik toza yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda bozorni o‘z xom-ashyosidan ishlab chiqarilgan strategik mahsulotlar bilan ta’minlash hisoblanadi.
Loyiha quvvati:
* dizel yoqilg‘isi – yiliga 743,5 ming tonna
*nafta – yiliga 431,1 ming tonna
*kerosin – yiliga 311 ming tonna
*suyultirilgan gaz – yiliga 20,9 ming tonna tayyorlanar ekan. Bu orqali O‘zbekistonning shu turdagi mahsulotlarga bo‘lgan 1 milliard dollarlik import hajmini kamaytirish mumkin.
Shu vaqtgacha 3.4 million metrga yaqin kabel yotqizilgan bo‘lsa, 27 600 tonnadan ortiq temir konstruksiyalar o‘rnatilgan va 833 tadan ortiq uskunalar qo‘yilgan. Ayni vaqtga qadar yirik uskunalarni o‘rnatish ishlari tugagan. Umumiy ish hajmining 95,65 foizi bajarilibdi. Bosh pudratchilar Hyundai Engineering, Hyundai Engineering & Construction va Enter Engineering kompaniyalari ekan.
Press-turda menga 3 ta narsa yoqdi: birinchisi mas’ullar savollardan qochmadi va javobni aylantirmadi. Ikkinchisi o‘sha yerda ishlayotgan bir nechta aqlli va o‘z ishining ustasi bo‘lgan yosh kadrlarga ham ko‘zim tushdi. Uchinchisi esa zavod to‘liq ishga tushsa, elektr va boshqalar iste’molida ham atrof aholisiga yuk bo‘lmaydi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida o‘ziga kerakli elektr va boshqalarning hisobi olinyapti, stansiyalar qurilyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter