Jahon banki O‘zbekistonga $100 mln ajratadi
O‘zbekistonning ikki janubiy viloyatidagi shaharlar «O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» loyihasi doirasida o‘zlarining munitsipal xizmatlari va infratuzilmalarini yaxshilashlari mumkin.
Loyihaning ushbu komponentini amalga oshirish uchun 100 million AQSh dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratish Jahon banki Direktorlar Kengashi tomonidan tasdiqlandi. Jahon banki guruhining a’zosi bo‘lgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi uni O‘zbekiston hukumatiga juda past foizda va 30 yilgacha bo‘lgan muddatga imtiyozli kredit shaklida taqdim etadi.
Qo‘shimcha moliyalashtirish Jahon bankining moliyaviy ko‘magi bilan 2019 yildan buyon Buxoro (Kogon shahri), Namangan (Chortoq shahri), Toshkent (Yangiyo‘l va Pskent shaharlari) viloyatlarida amalga oshirilayotgan loyihaning geografik ko‘lamini kengaytiradi.
Loyihaning yangi komponenti bo‘yicha tadbirlar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining alohida o‘rta shaharlarini qamrab oladi. Mamlakatning ushbu qismidan loyihada ishtirok etadigan shaharlarning yakuniy ro‘yxati viloyat va shahar ijro hokimiyatlari bilan maslahatlashuvlar tugaganidan so‘ng keyingi 6 oy ichida tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari va imkoniyatlari hisobga olinadi.
Ushbu ikki viloyatlarda loyihada ishtirok etadigan o‘rta shaharlar maxsus investitsion rivojlanish dasturlarini amalga oshirishni moliyalashtirish uchun mablag‘ olishadi. Ularning tarkibiga shahar infratuzilmasi va tegishli munitsipal xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar kiradi.
Masalan, ushbu dasturlar doirasida quyidagilar moliyalashtirilishi mumkin: suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish va kengaytirish; elektr infratuzilmasi va ko‘chalarni yoritish, avtomobil yo‘llari, piyodalar va jamoat transporti zonalarini modernizatsiya qilish; jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish; jamoat joylarini, bog‘larni, ko‘chalarni va ularning tegishli infratuzilmasini rekonstruksiya qilish; tegishli aholi punktlari hududida madaniy meros ob’yektlarini saqlab qolish bo‘yicha restavratsiya ishlarini olib borish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter