Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Keshbek o‘zi nima va uning uchun daromad solig‘i to‘lanadimi?

Keshbek o‘zi nima va uning uchun daromad solig‘i to‘lanadimi?

Keshbek (inglizcha cashback) ma’nosi– naqd pulning qaytib berilishi.

Foto: Kapital.kz

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida ko‘plab tashkilotlar mijoz jalb qilishning samarali usullaridan hisoblanmish turli chegirma, bonus va diskont kartalarini o‘z mijozlariga taqdim qilib kelishmoqda. Aslida bularning barchasi xaridorlarni iloji boricha aynan shu do‘kondan mahsulot sotib olish yoki xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning xizmatidan foydalanishga rag‘batlantirish vazifasini bajaradi.

Marketingda xaridorlarning sodiqligi tushunchasiga juda katta e’tibor qaratiladi. Chunki sodiq xaridor boshqa joyda qandaydir mahsulot turi arzon bo‘lsa ham baribir doimiy xarid qiladigan joyidan mahsulot sotib olishga harakat qiladi. Chunki hamma gap diskont kartalari yoki chegirmaning miqdorida emas, balki aynan iste’molchiga qaratilayotgan e’tiborda ham bo‘ladi. Xaridorda har bir xariddan so‘ng do‘kon tomonidan rag‘batlantirilayotganday tuyg‘u hosil bo‘ladi. Aslida shu ham bozordagi mijozlar uchun kurashning eng ommabop shakllaridan biri sanaladi.

Mijozlarni jalb qilish usullaridan yana biri sifatida keshbek xizmati ham kun sayin ommalashib bormoqda. Xo‘sh, keshbek o‘zi nima?
Keshbek (inglizcha cashback – naqd pulning qaytib berilishi) mijozlarni jalb qilish va sadoqatini oshirishga qaratilgan maxsus bonus dasturlarining bir turi bo‘lib, asosan internet-savdolari, bank mahsulotlarida va o‘yin biznesida qo‘llanadi.

Rivojlangan mamlakatlarda keshbek xizmati asosan bankning kredit kartalarida va yirik internet-savdolarda ko‘proq qo‘llanadi. Bunda keshbek xizmatidan foydalangan mijoz ushbu bank yoki internet-savdo tarmog‘ining hamkor tashkilotlari bo‘lmish bir qancha sotuvchilarning mahsulotini xarid qilganda yoki xizmatidan foydalanganda keshbek sifatida qanchadir miqdordagi (odatda 1 foizdan 15 foizgacha) pulni qaytib olishi mumkin bo‘ladi.

Keshbek mohiyatan an’anaviy diskont va chegirma tizimlaridan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi: Xaridor sotuvchiga mahsulotning chakana narxi qiymatini to‘laydi (bu sotuvchi taqdim etgan chegirma yoki aksiya tariqasida arzonlashtirilgan narxlar bo‘lishi mumkin).

Mijoz xarid qilingan qiymatning bir qismi(keshbekda qayd etilgan umumiy qiymatdan foiz ko‘rinishidagi qaytim)ni sotuvchidan emas, balki affiliat(mijoz jalb qiluvchi tashkilot)dan qabul qilib oladi, u esa o‘z navbatida sotuvchiga xaridorlarni jalb qilishda yordam beradi.

Keshbekning manbasi sotuvchi tomonidan har bir xaridor uchun affiliatga to‘lanadigan komission haqdir. Belgilangan komission haqni keshbekni taqdim etayotgan sayt egalari xaridorlar bilan bo‘lishadi va natijada o‘z portallarida taqdim etilayotgan tovar va xizmatlarni xarid qilishni rag‘batlantirishga muvaffaq bo‘lishadi.

Umumiy qilib aytganda, keshbek orqali ma’lum foiz pul xaridor ixtiyoriga qaytariladi va u bu mablag‘ni xohishiga ko‘ra tasarruf etishi mumkin. An’anaviy diskont kartalari va chegirma tizimlarida esa xaridor kelgusida faqatgina aynan shu sotuvchi taqdim etadigan mahsulot va xizmatlarni xarid qilishi mumkin.

O‘zbekistonda diskont kartalari va chegirmalar tizimi orqali taqdim etilayotgan imkoniyatlar bo‘yicha shu kunga qadar soliq to‘lovlari yuzasidan muammo kelib chiqmayotgan edi. Chunki chegirma yoki diskont kartasidagi iqtisod qilingan mablag‘ xaridorning plastik kartasiga qaytib berilmas edi. Biroq keshbek xizmati orqali qaytib berilayotgan pul jismoniy shaxslarning qo‘shimcha daromadi deya e’tirof etilgan hollar kuzatilmoqda.

Aslida O‘zbekiston soliq qonunchiligiga ko‘ra jismoniy shaxslarning daromad solig‘i solinishi mumkin bo‘lgan daromad turlari sifatida mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar, mulkiy daromadlar, moddiy naf tarzidagi daromadlar va boshqa daromadlar (Soliq kodeksining 171-moddasi) qayd etilgan. Keshbek orqali kelib tushuvchi mablag‘lar mohiyatan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromad emas, mulkiy daromad ham emas va qonunchilikda keltirilgan boshqa daromad turiga ham mos kelmaydi.

Faqatgina Soliq kodeksining 177-moddasi(«Moddiy naf tarzidagi daromadlar»)da qayd etilgan ayrim daromad turlari keshbek orqali kelib tushadigan mablag‘ni daromad deb hisoblashga sabab bo‘lishi mumkin xolos. Biroq keshbek jismoniy shaxsning daromadi emas, balki uning iqtisod qilish orqali o‘z ixtiyorida qolgan mablag‘idir. Keshbek dasturi bo‘yicha xarid qilganda sarflagan mablag‘i uchun esa jismoniy shaxs allaqachon daromad solig‘ini to‘lab qo‘ygan hisoblanadi (O‘zbekistonda plastik kartalarga yuridik shaxslar tomonidan daromad soliqlari to‘langachgina mablag‘lar kelib tushadi). Bundan kelib chiqadiki, xaridor keshbek orqali tejalgan mablag‘ uchun yana bir marta maksimal shkalada daromad solig‘ini to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu esa ikki marta soliqqa tortish amaliyoti deyiladi. O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini ish beruvchi tashkilotlar soliq agenti sifatida o‘zlari hisoblab budjetga o‘tkazib berishadi. Shuning uchun ham ko‘p hollarda jismoniy shaxslar o‘zlarining qaysi turdagi daromadlaridan qancha miqdorda va qaysi holatlarda soliq to‘lashi kerakligini yaxshi bilishmaydi. Natijada asosan ish beruvchi tashkilotlar jismoniy shaxslarning ayrim hollarda kam to‘langan soliqlari uchun ham javobgar bo‘lishadi.

Bu holat endilikda ayniqsa keshbek xizmatini taqdim qilayotgan bir nechta tashkilotlar faoliyatida bir qadar muammolarni keltirib chiqarmoqda. Chunki keshbekni taqdim etish orqali plastik kartalarga tejalgan mablag‘larni qaytarayotgan tashkilotlar endilikda jismoniy shaxslarning STIR(soliq to‘lovchining identifikatsion raqami)ini so‘rab olgan holda uning nomidan maksimal shkalada daromad solig‘ini to‘lagach, qolgan summani plastik kartaga tashlab berishga majbur bo‘lishmoqda. Buni ular keshbek xizmatidan foydalanish imkoniyatini beruvchi shartnomada qayd etib o‘tishgan.

Xususan, bugungi kunda O‘zbekistonning ayrim banklarining keshbek xizmati bo‘yicha shartnomalarida mijoz maksimal shkaladagi (bugungi kunda 22,5 foiz) daromad solig‘ini to‘lab bo‘lgach, qolgan summani kartaga qaytib berishi belgilangan. Natijada keshbek sifatida qaytadigan summaning 77,5 foizigina mijozning plastik kartasiga qaytariladi.

Bu holat ham tijorat bankiga, ham mijozga noqulaylik tug‘diradi. Chunki aslida agar mijoz asosiy ish joyidan oladigan daromadi miqdori maksimal shkalaga yetmaydigan bo‘lsa va u yil oxirida daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya topshirsa, ko‘proq to‘langan summa soliq idorasi tomonidan mijozga qaytib berilishi kerak bo‘ladi. Umuman olganda, bu borada bizga nisbatan ko‘proq tajribaga ega bo‘lgan aksariyat xorijiy mamlakatlarda keshbekka qo‘shimcha daromad sifatida qaralmasligi belgilangan.

Angliyada keshbek xizmatiga chegirmalar sifatida qaraladi va hech qanday soliqqa tortilmaydi. Rossiyada ham keshbek orqali qaytadigan pullarga daromad solig‘i solinmaydi. AQShda ishlab chiqaruvchi yoki diler tomonidan taqdim etiladigan keshbek yoki chegirma ham soliqqa tortilmaydi. Janubiy Koreyada ham kredit kartalari orqali taqdim etiladigan keshbek soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.

Biroq Ukraina banklari taqdim etayotgan keshbek kartalarida ayrim hollarda daromad solig‘i ushlab qolinishi mumkinligi nazarda tutilgan. Belarusda esa keshbek 2 foizdan oshmasa daromad solig‘i ushlanmasligi belgilangan va undan ortgan miqdordan soliq to‘lanishi qayd etilgan.

Endi bir qiziq holatga diqqatingizni qaratamiz. O‘zbekistonda hozir ham ko‘pchilik dehqon va buyum bozorlaridan mahsulot sotib olishadi yoki o‘z uylariga yaqin bo‘lgan do‘konlardan mahsulot xarid qilishadi. Bunda bozor aylanib bir xil mahsulot turli joylarda turli narxlarda sotilayotganining guvohi bo‘lamiz. Natijada bozorda, masalan, o‘rtacha 100 ming so‘mga sotilayotgan mahsulot 90 ming so‘mga sotilayotgan joyni topish yoki doimiy xaridor sifatida sotuvchidan uni shunday arzon narxda sotib olish mumkin. Aslida ushbu holatda 100 ming so‘mlik mahsulotni 90 ming so‘mga xarid qilgach biz 10 ming so‘m tejashga muvaffaq bo‘lamiz, ya’ni o‘zimizga o‘zimiz 10 foiz keshbek to‘lagan hisoblanamiz. Endi tabiiy savol tug‘iladi, tejab qolingan mablag‘ni soliqqa tortish qanchalik to‘g‘ri?

Yuqoridagi argumentlarni hisobga olgan holda, bizningcha, keshbekni jismoniy shaxslarning daromadi deb hisoblash va uni soliqqa tortish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish kerak. Buning uchun Soliq kodeksiga keshbek orqali kelib tushishi mumkin bo‘lgan tushumlarni daromad solig‘i solinadigan bazadan chiqarib tashlash masalasini kiritish lozim deb hisoblaymiz.
Umid qilamizki, bu borada Oliy Majlis, Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi tomonidan tegishli ishlar olib boriladi.

Mansur Tangishov, moliyachi ekspert

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring