Markaziy bank inflyasiyaga qaramasdan asosiy stavkani o‘zgartirmadi
Inflyasiya va inflyasion kutilmalarning pasayishiga qaramasdan, narxlarga talab omillari bilan bog‘liq bosimlarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib, yil yakuniga qadar inflyasiyaning prognoz doirasida bo‘lishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Qayd etilishicha, umumiy inflyasiya yil boshidan pasayuvchi dinamikani namoyon etib, iyun oyida yillik 9 foizni tashkil qildi. Bunda, o‘tgan yilgi yuqori baza effekti ta’sirlari tugab borishi, import tovarlari va tartibga solinadigan narxlar nisbatan barqaror bo‘lganligi asosiy pasaytiruvchi omillardan bo‘ldi. Xizmatlarga bo‘lgan yuqori talabning saqlanib qolishi hisobiga xizmatlar inflyasiyasida sezilarli pasayish kuzatilmadi.
«Ma’muriy va mavsumiy omillarning narxlarga ta’sirisiz hisoblangan bazaviy inflyasiya kutilganidan ko‘ra sekinroq pasaydi va iyun oyida 11,3 foizni tashkil etdi. Natijada, bazaviy inflyasiya va umumiy inflyasiya o‘rtasidagi tafovutning oshib borishi kuzatilmoqda. O‘rtacha yillik inflyasiya ham joriy inflyasiyadan yuqori shakllangan.
Bu holat narxlar shakllanishida fundamental talab omillari ta’siri saqlanib qolayotganligi, iste’mol bozorlaridagi talab va taklifning to‘liq muvozanatlashmaganligini ko‘rsatmoqda va iste’mol savatida narxlari 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushining yuqoriligida ham namoyon bo‘lmoqda.
Aholi va tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari ham pasayib iyun oyida 13-13,5 foizni tashkil qildi. Bunda inflyasion kutilmalarning asosiy omillari qatorida valyuta kursi o‘zgarishi, ish haqi va nafaqalar oshishini kutayotgan respondentlar ulushi ortgan.
Iqtisodiy o‘sish sur’atlari joriy yil birinchi yarim yilligida 5,6 foizni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori sur’atlarni qayd etdi. Kreditlash sur’atlarining tezlashishi, budjet xarajatlarini ortib borishi, xususan, ish haqi va nafaqalarning oshirilishi iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘lmoqda.
Savdo va pullik xizmatlardan tushumlar, ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdi bitimlari soni, banklararo tranzaksiyalar hamda chakana savdo aylanmasi hajmlarining yuqori sur’atlarda o‘sishi iqtisodiyotda iste’mol talabining yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Import dinamikasida ham yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilib, bu bir tomondan, ichki faollikni oshayotganligi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, valyuta bozorida talabni oshiruvchi omil bo‘lmoqda.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi o‘zining fundamental trendi doirasida o‘sib bormoqda.
Global iqtisodiy faollik kutilganidan ko‘ra tezroq o‘sishiga qaramasdan uning kelgusi rivojlanish trayektoriyasi bo‘yicha noaniqliklar yuqoriligicha qolmoqda. Jahon xomashyo narxlarida yuqori effekt ta’sirlari tugab borishi bilan global inflyasiyada pasayish kuzatilmoqda, biroq aksariyat davlatlarda bazaviy inflyasiya yil oxirigacha yuqori darajada saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.
Savdo-hamkor davlatlardagi iqtisodiy o‘zgarishlarning ichki iqtisodiyotga ta’siri nisbatan ijobiy shakllansa-da, ayrim hamkor davlatlar milliy valyuta kurslariga bo‘layotgan bosim saqlanib qolmoqda va ushbu holat, o‘z navbatida, milliy iqtisodiyotga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Joriy yilning I yarim yilligida «nisbatan qat’iy» pul-kredit sharoitlari ta’minlandi. Banklararo pul bozorida faollik sezilarli oshib, Uzonia stavkasi va banklararo Repo operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari to‘liq foiz koridori doirasida asosiy stavkaga yaqin darajada shakllandi.
Kredit va depozit bozorlarida o‘rtacha foiz stavkalari o‘tgan oylardagi ko‘rsatkichlarga nisbatan deyarli o‘zgarishlarsiz shakllanmoqda.
Iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari o‘sishini ustuvor ravishda aholiga ajratilayotgan kreditlar qo‘llab-quvvatlamoqda. Iyun oyi yakunlari bo‘yicha aholiga ajratilgan kreditlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga o‘sdi. Bunda, chakana kreditlarning yillik o‘sish sur’atlari o‘tgan oydagi ko‘rsatkichlarga nisbatan biroz sekinlashdi. Ayni paytda, 2023 yilning I yarmida ajratilgan korporativ kreditlar hajmi 116 trln. so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshdi.
Milliy valyutadagi depozitlar hajmining o‘sish dinamikasi saqlanib, depozitlarning dollarlashuv darajasini pasayishi davom etmoqda. Milliy valyutadagi depozitlar hajmining oshishi muddatli depozitlar bo‘yicha yuqori real foiz stavkalari bilan izohlanadi.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, tashqi iqtisodiy sharoitlarga iqtisodiyotning moslashuvini davom etayotganligi va ayrim noaniqliklarni saqlanib qolayotganligini hisobga olib 2023 yil yakunlari bo‘yicha real YaIM o‘sishi 5,0-6,0 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Bunda, aholi daromadlari oshishi, fiskal rag‘batlar va xizmatlar sohasidagi faollikning yuqoriligi iqtisodiy o‘sishni asosiy qo‘llab-quvvatlovchi drayverlari bo‘ladi.
Joriy yil yakuni bo‘yicha inflyasiya darajasi makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida shakllanib, 8,5-9,5 foiz atrofida bo‘lishi borasidagi prognozlar o‘zgarishsiz qoldirildi.
Jahon xomashyo narxlari barqarorlashayotgan, yetkazib berish zanjirlari tiklanayotgan va ichki iqtisodiy faollik ortayotgan davrda bazaviy inflyasiyaning yuqori darajada saqlanib qolishi iqtisodiyotda narxlarni oshiruvchi fundamental talab omillari ustunligini bildirib, pul-kredit sharoitlarining joriy tendensiyasini uzoqroq muddat saqlashni talab qiladi.
O‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari import ta’minotidagi so‘nggi yaxshilanish dinamikasining davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi ta’sirida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘sish xatarlari, yuqori talab dinamikasi sharoitida narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.
O‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun pul-kredit va fiskal siyosatlarni o‘zaro uyg‘un holda olib borish maqsadlaridan kelib chiqib, budjet defitsitini belgilangan parametrlar darajasidan oshmasligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Kelgusi davrlarda bazaviy inflyasiya prognozi va inflyasion kutilmalarning ishonchli pasayish trayektoriyasiga o‘tishi, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar va inflyasion kutilmalarga ta’sirlarini baholab barcha pul-kredit instrumentlari inflyasiyani joriy yilgi prognoz koridori doirasida shakllanishini va o‘rta muddatda target ko‘rsatkichlariga erishishni ta’minlashga qaratiladi», deyiladi xabarda.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 14 sentyabrga belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter